Sherzod Shermatov: «Majburiy obuna bekor qilindi, degani gazeta o‘qimaslik kerak degani emas»
Kuni kecha Xalq ta’limi vazirligida vazirlik tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, tuman(shahar) xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari hamda tizimdagi respublika tashkilotlari rahbarlarining roli va mas’uliyati, belgilangan chora-tadbirlarning natijadorligini muhokama qilishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qiladi «Marifat» gazetasining marifat.uz rasmiy veb-sayti.
Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan vazirlik tasarrufidagi gazeta va jurnallar tahririyatlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, nashrlarni mushtariylarga yetkazib berish tizimini qayta ko‘rib chiqish va faoliyatini rivojlantirish yuzasidan takliflari tinglandi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov masalaga to‘xtalar ekan, majburiy obuna bekor qilingani gazeta o‘qimaslik kerak, degani emasligini alohida ta’kidladi. Yig‘ilishda o‘qituvchi-pedagoglarni tizimdagi yangiliklardan xabardor qilib borish, ularning o‘z ustida mustaqil ishlashini ta’minlashda matbuot nashrlarining o‘rni katta ekanini nazarda tutgan holda, gazeta va jurnallarni obunachilarga tezkor, qulay va arzon narxlarda yetkazib berish masalalari muhokama etildi.
Majburiy obunaga chek qo‘yilishi natijasida turli tushunmovchiliklar kelib chiqib, o‘qituvchilar o‘z faoliyatida asqotadigan ta’limiy nashrlarga ham obuna bo‘lishga hadiksirab qolgan edi. Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar ta’lim nashrlarini yanada rivojlantirishga, bu orqali pedagoglarni muntazam ravishda sifatli uslubiy-metodik yordam va zarur axborotlar bilan ta’minlab borishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi kam koeffitsiyentli maktablar faoliyatini takomillashtirish hamda ta’lim sifatini oshirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarning samaradorligi, Toshkent shahar XTBBda hujjatlar ijrosini nazorat qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining ko‘rib chiqilish holati to‘g‘risidagi hisobotlari va boshqa masalalar muhokama etildi.