ShHT tarixan qisqa davrda katta yo‘lni bosib o‘tdi
Bugun dunyo hamjamiyati nigohi ko‘hna va navqiron Samarqand shahrida 15-16 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tilishi kutilayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitiga qaratilmoqda. Bu tashkilotning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni, mavqei borasida muhtaram Prezidentimizning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasida har tomonlama chuqur tahlil etilib, uning tarixiy ahamiyati ochib berildi. Xususan, unda Shanxay hamkorlik tashkilotini yuzaga keltiruvchi omillar, uning maqsad va vazifalari, erishgan yutuqlari hamda istiqbolli rejalari borasida fikrlar keltiriladi.
Maqolada dunyodagi global xavf-xatarlarni hech bir mamlakat yolg‘iz holda bartaraf etishga qodir emasligi, shuning uchun mamlakatlar ko‘p tomonlama hamkorlikda ish yuritishi zarurligi aytilgan. Shuningdek, har qaysi mamlakatga rahna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish barcha uchun birdek manfaatli ekani ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qilayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining maqsad va vazifalari borasida to‘xtalib o‘tiladi.
Maqolada Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega bo‘lib, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi harakat qilmasligi ta’kidlanadi. Shuningdek, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik kabi vazifalarning belgilab olingani o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
Tashkilot o‘z oldiga xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag‘batlantirish kabi vazifalarini qo‘ygan.
Bugungi kunga kelib, ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining asosiy yutuqlari borasida Prezidentimizning konseptual maqolasidan shunday faktlar keltirish mumkin:
birinchidan, tashkilot (ShHT) madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma sifatida tarixiy missiyasini oqlamoqda;
ikkinchidan, tarixan qisqa davrda ShHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi. Xususan, Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi sifatida qaralayotgan – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surish g‘oyasi – dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda;
uchinchidan, ShHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissasining salmog‘i yuksak ekanidan dalolat beradi.
Ulug‘bek Yazdonov,
Elbek Tog‘aymurodov,
TDAU Samarqand filiali o‘qituvchilari.