ShHT transmintaqaviy tashkilotga aylanmoqda
Samarqandda 13 yil yashash, o‘qish va ishlash baxtiga erishgan inson sifatida aytishim kerakki, bugun bu yer butunlay boshqa shaharga aylangan.
Shaharda keyingi yillarda amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, qad rostlagan yangi binolar va yaratilgan imkoniyatlar tufayli bu qadimiy va hamisha navqiron kent dunyoning ko‘zga ko‘ringan shaharlari darajasiga yetgan.
Bugun Samarqand dunyo miqyosidagi yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazishga tayyor.
Dunyoning geosiyosatiga, geostrategiyasiga ta’sir o‘tkazadigan xalqaro sammitning Samarqand shahrida o‘tkazilishi ham o‘ziga xos bir ma’noga ega. Chunki Samarqand tarixiy shahar bo‘lishi bilan birga, nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo ilm-fani rivojiga, sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan maskan.
Samarqandda o‘tkaziladigan ShHTning navbatdagi sammitida muhokama etiladigan masalalar, kutilayotgan o‘zgarishlar, qabul qilinadigan qarorlar ShHTga a’zo mamlakatlar xalqlari manfaatiga, shuningdek, butun dunyo geosiyosati, iqtisodiyoti va madaniyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
Ta’kidlash kerakki, bugun tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida barqarorlik yuzaga kelgan va bu pozitiv holat boshqa mintaqalarga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, tashkilotga Hindiston va Pokistondek Janubiy Osiyoning yetakchi mamlakatlarining a’zo bo‘lganligi Yevroosiyoning ichki hududiga, shu bilan birga Janubiy Osiyoga ham transformatsiya eshiklarini ochdi. Shuningdek, Eron islom respublikasining bu tashkilotga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilayotgani va bu Samarqandda amalga oshirilayotgani tashkilot imkoniyatlarining ta’siri yaqin Sharq mintaqasiga yoyilayotganidan darak beradi. Bu esa ShHTning mintaqaviy emas, transmintaqaviy tashkilotga aylanayotganini ko‘rsatmoqda.
Bahromjon SOTIBOLDIYeV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i.