Shoir, muallim va tarjimon Salim Kenja vafot etdi
Faxriy o‘qituvchi, Samarqandning taniqli shoiri, radioeshittirish fidoyilaridan biri Salim Kenja 85 yoshida vafot etdi.
Salim Kenja 1936 yil Samarqand shahrining Kenjayog‘chi mahallasida tavallud topdi.
O‘rta ta’limni Samarqand tumanidagi 31-maktabda olib, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qidi. Ish faoliyatini maktabda o‘qituvchilikdan boshladi.
1963-1969 yillarda viloyat radioeshittirish komiteti tojik tahririyatida ishlab, bu borada katta tajriba orttirdi. Keyinchalik Samarqand davlat pedagogika institutida kafedra mudiri bo‘lib faoliyat yuritdi, yuzlab shogird tayyorladi.
Salim Kenja yetuk shoir va tarjimon ham edi. She’rlari adabiy almanaxlarda, "Sadoi Sharq", "Xorpushtak", "Mash’al" jurnallarida e’lon qilingan. "Kulol dostoni", "Xurshidxon" poemalari muallifi edi.
Shoir sakson yoshida nasrda ham mahoratini sinab ko‘rdi. “Du qissai zindagy” (“Ikki hayotiy qissa”) nomli kitob chop ettirdi. “Aslam haqidagi qissa” va “O‘g‘limning to‘yi” hajviy asarlari kiritilgan to‘plam ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Shuningdek, bolgar shoiri Y.Meliv, o‘zbek shoirlaridan Dushan Fayziy, Normurod Narzullayev she’rlarini tojik tiliga tarjima qilgan edi.
Do‘stlari, hamkasblari hamda shogirdlari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor qilamiz.
Kamtarin inson, shoir va tarjimon Salim Kenja xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi,
viloyat «Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati.