Shpargalkadan foydalangan 8 nafar yoshlar testdan chetlatildi

Avval xabar qilganimizdek, bugun Samarqand davlat universiteti akademik litseyi va viloyat olimpiya zaxiralari tayyorlash markazida Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik litseyi va “Temurbeklar maktabi”ga o‘qishga kirish  uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

– Bu yil 2 mingga yaqin yigit-qizlar Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik litseyida tahsil olish istagini bildirdi, – deydi muassasa rahbari, podpolkovnik Aktam Usmonov. – Ular psixologik test va diktant topshirdi. Jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazilib, bilim va dunyoqarashiga suhbat orqali baho berildi. Ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilarning 743 nafari testda ishtirok etdi. Test sinovlarida yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar litseyda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Samarqand “Temurbeklar maktabi” mas’ullari ma’lumotiga ko‘ra, mazkur muassasada o‘qish uchun 731 nafar o‘quvchi test topshirishi  rejalashtirilgan. Ular ham dastavval hududiy mudofaa ishlar bo‘limlari va viloyat boshqarmasi tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik asosida tanlab olingan. Shuningdek, yoshlardan psixologik test, diktant olingan va ularning jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazilib, testda ishtirok etish uchun ruxsat berilgan.

Darvoqe, “Temurbeklar maktabi”da o‘qish uchun sinovdan o‘tgan yoshlarning 150 nafari (126 nafari o‘zbek, 24 nafari rus guruhida) o‘qishga qabul qilinadi.

Shu kuni test sinovlarida abituriyentning o‘rniga kirishga uringan 70 ga yaqin “tolkach”lar ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi. Shuningdek, 3 nafar yigit-qiz test sinovlarida ishtirok etishdan bosh tortdi va 8 nafari shpargalkadan foydalangani uchun imtihondan chetlatildi.

Boboxon PO‘LATOV.