Sifatsiz o‘tilgan har bir dars – kelajakka qilingan xiyonat

Mahmud Boboyorov - O‘zbekiston ta’limi va fan xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi. Ta’lim sohasida rahbarlik lavozimlarida katta tajriba to‘plagan mutaxassis. “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zosi. So‘nggi besh yilda asosiy vazifasi ziyolilarni ijtimoiy himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa-da, ta’limdagi islohotlardan xabardor.
Suhbatimiz aynan ta’limning bugungi holati, ahvolni o‘nglash, islohotlar va uning ijrosi bo‘yicha bo‘ldi.
- Jurnalistika mutaxassislari birinchi savol yengilroq berilishi zarurligini tavsiya qilishadi. Katta tajribangizni hisobga olib,shu qoidani buzamiz va suhbatimizni qiyinroq savoldan boshlamoqchimiz. Yurtimiz rahbari uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish ta’lim-tarbiya sohasi mutasaddilari zimmasida ekanligini ta’kidlamoqda. Bu vazifaning uddalanishi qay darajada, deb o‘ylaysiz?
- Renessans poydevori. Yomon boshlamadingiz.
Tabiat, koinot, bashariyat doimo o‘zgarib, yangilanib boradi. Dunyo yuzini ko‘rgan odam ham tom ma’noda qonuniyat asosida yashab o‘tadi, hayoti davomida o‘zgarish va yangilanish qilishni orzulaydi, unga intiladi. Mana shu kuch uni yuksak cho‘qqilarga olib chiqishi mumkin.
Abbosiylar xalifaligi davridagi birinchi Ryenessans. Bor-yo‘g‘i 100 nafar ilm ahlining bir maqsad yo‘lidagi tinimsiz mehnatlari natijasi.
Ular ham qo‘l qovushtirib o‘tirsa bo‘laverardi. Lekin dunyo ahli ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal mahsuli bo‘lgan mutafakkir bobolarimiz, allomalarimizni, milliy qahramonlarimizni bilmagan, bizning tariximiz ham deyarli qaramlikdan iborat bo‘lgan bo‘lar edi.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz davridagi Temuriylar Renessansi, ikkinchi uyg‘onish davri. Qudratli davlat, adolatli jamiyat, iqtisodiyot, madaniyat va ilm-fan rivojini jahon xalqlari tan oldi. Samarqand yer yuzining sayqaliga aylandi. Mustabid tuzumga qarshi kurashgan Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon, Munavvarqori, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi minglab jadid bobolarimiz kuchni, g‘oyani qayerdan olganini isbotlash shart emas.
Mana, qisqagina Renessans mohiyati. Muhtaram Prezidentimiz qanday olamshumul ishga qo‘l urganlarini endi bir tasavvuringizdan o‘tkazing.
Joriy yilning 15 noyabr kuni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalar- ni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasida Prezidentimiz “Bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha ta’lim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratilishi hammaga yaxshi ma’lum. Hyech shubhasiz, ular bizning bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir”, deb bizning savolimizga qisman javobni aytib o‘tdilar.
“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” risolasining “Ma’naviy taraqqiyot” bobida “Ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish uchun “Uchinchi Renessans sari” degan tamoyilga asoslangan holda, milliy g‘oya va uning mafkuraviy negizlarini takomillashtirish” amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bu O‘zbekiston davlatining siyosati.
Renessans poydevorining o‘qituvchilarga ishonilishi, avvalo, kasbimiz taqozosi. Qolaversa, mustabidlik davri ta’siridan keyin millatni uyg‘otish kuchiga hamma ham ega emas. O‘qituvchiga suyanishni, ishonishni kasbimizga, kasbdoshlarimizga bo‘lgan mislsiz hurmat va ishonch, deb bilaman.
Prezidentimiz bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliy o‘quv yurtlarining profyessor-o‘qituvchilari, ilm ahli hamda ijodkor ziyolilarimiz uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni ekanligini muntazam aytib keladi. Toshkent butunjahon konferensiyasida Prezidentimiz mavzuning mazmun-mohiyatini atroflicha yoritib, uni dunyo miqyosida jadallashtirish mexanizmlarini ham taklifqildi.
Mazkur mas’uliyat toshi, ya’ni Prezidentimiz ishonchini oqlash uchun barcha imkoniyatlarimiz, foydalanmagan salohiyatimizni birma-bir “jang”ga shaylashimizni taqozo etadi. Ishonchlarining mazmun-mohiyati esa oddiy emas, oliy darajada ishlashni yo‘lga qo‘yish, o‘quvchi o‘g‘il-qizlarimizda ishtiyoq bilan “bosh ko‘tarmay o‘qish”ga ehtiyoj muhitini, qolaversa, tizimni yaratishimiz va nuqsonsiz darajada ishlab ketishini ta’minlashimiz so‘ralyapti. Ot o‘rnini toy bosar. Ota-bobolarimiz kabi dunyoga albatta chiqamiz. Prezident ishonchini oqlaymiz. Bo‘lajak arboblar, Nobelchilar, ixtirochilar, innovatorlar “ustaxonasi”ga aylanamiz. Bu balandparvoz gaplar emas, bu - o‘qituvchi-ustozlarimizning bugun-erta qatorlashib yuzaga chiqadigan mashaqqatli mehnati mahsulining qadam ovozlari. Albatta, bunday katta vazifa oldidan bir to‘xtab, orqa-oldiga qarab olinadi, odatda.
Bugungacha sohada amalga oshirilgan ishlar beqiyos. Maktablarda bo‘lamiz, o‘qituvchilar malakasini oshirish sohasidagi qaynoq ishlar bilan tanishamiz, rahbarlari bilan fikr almashamiz. Vazir bilan muloqotda bo‘lganda uning islohotlar ijrosi borasidagi qarori qat’iyligini ko‘rib, ko‘ngil taskin topganini ham ta’kidlash zarur.
Yutuqlar o‘zimizniki, galdagi vazifalar meni keksa pedagog sifatida o‘z girdobiga chorlaydi. O‘quvchilarimizning oliy o‘quv yurtlariga kirishi jarayonidagi tashvishli holat joylarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas. Unga ko‘z yumib bo‘lmaydi, albatta. Mazkur muammoning ildizi ancha chuqurda joylashgan. Yomoni, sohaga daxldorlar buni biladi, ammo o‘nglash bobida do‘ppini yerga qo‘yib fikrlashishning mexanizmini ishlata olishmayapti. Ochiqrog‘i, aksar mas’ullar vazifasini kuzatuvchilik maqomiga aylantirishgan ko‘rinadi. Ruxsat bersangiz bunga sal turib qaytsak.
- Mayli. Ammo muallimlarimiz mehnatining mashaqqatlarini hamma ham tushunavermaydi...
- Shunday. Faraz qiling, o‘qituvchi o‘z mahsulotini xaridorga, ya’ni o‘quvchisiga taklif qilsa-yu, suv va havodek zarur bo‘lgan “buyum”ni xaridor olmasa, sabab nimada? Kimdir “o‘qituvchi biladi, u bilishi shart”, “shuning uchun ham u o‘qituv- chida” deb kinoya qilishi ham mumkin.
Yosh bola maktabni aslo istamas,
Foydasidin, chunki u ogoh emas.
Jaloliddin Rumiyning bu misralarida zikr qilingan mazkur masala bugunning asosiy to‘g‘anog‘i, muammosi ko‘rinadi. Biz odatda matbuotda beriladigan materiallarda, akademik tilda, salmoqdor muammolar ko‘tarilishiga ko‘nikib qolganmiz. Lekin shunday mayda narsalar borki, pulga sotilmaydi, ammo katta mashaqqat bilan hal bo‘ladi. Yana bir nozik tomoni, biz bu muammoni anchadan buyon mensimaganligimiz bois,u bizdan o‘ch olish maqsadida ha deganda raftiga tushmaydi. Dyemoqchimanki, vaqt talab qiladi. Ishoning, oliy dargohni tamomlagan har qanday o‘qituvchi maktab ta’lim standartini harqalay qiynalmay talqin qila oladi. Nazarimda, muammo Mavlono Rumiy urg‘u bergan “foyda”, ya’ni o‘quvchidagi ilmga bo‘lgan ehtiyojda. Uzr so‘rab, aniqlik kiritmoqchimanki, gap asosan “qizil”ga tushgan maktablar haqida boryapti. Albatta, buning ob’yektiv hamda sub’yektiv sabablari haqida ko‘p bahslashish mumkin.
Keling, fikrimizga oddiygina, jaydaricha izoh bersak. Yaxshi niyat bilan ko‘chat olib keldingiz, ekish uchun yerni tayyorlash kerakmi? Undan keyin sug‘orib borish, o‘g‘itlash va hokazolar.
Mazkur jarayonda ilm keldi, uni oladigan shaxs bor, lekin unda xohish, istak, ishonch, qolaversa,ishtiyoq yo‘q! Nima, “daraxt” ekilmasligi kerakmi?
Bu kimning muammosi?
Men 50 ga yaqin yoshlar bilan ishlashga mas’ul idora, tashkilotlarning ro‘yxatini tuzib chiqdim. Nizomlarini tahlil qildim. Imkoniyatlarini sanab chiqdim. Lekin ularning amalda qilayotgan yordamlarini topa olmadim. Undan tashqari, ota-ona, mahalla, deganday. Nizomlarining maqsad va vazifalarini ko‘tarib davraga chorlasak, hamkorlikni yo‘lga qo‘ysak, “Ko‘pdan quyon qochib qutulmas”, degan maqol bor.
Muhimi, ularning yuqorida “muammo”, deb ko‘rsatilgan maydonda o‘z “uchastka”lari bor. Barchamiz o‘zimizcha faoliyat yurityapmiz. Lekin besamar.
Muammoning sohiblari qisman aniqlandi! Xalq ta’limining muammosi xalq bilan yechiladi. Yuqorida zikr qilingan xalq uyg‘onsin, o‘zgarsin.
Bu qat’iy xulosa. Bugun birlashib, hamkorlikda ishlamasak, jarayon cho‘zilib boraveradi. Natija nimaga olib borishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Shu o‘rinda, davlatimiz rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili ta’limga ham to‘laqonli taalluqli ekanligiga urg‘u bermoqchiman. Davlatimiz siyosati talabidan kelib chiqib, maktablarga mustaqillik berish, o‘qituvchilarning maqomi haqida alohida “o‘zbekchilik”, “zehniyatchilik” va boshqa “chilik”lardan xoli qonun yozilishiga ehtiyoj balandligini ta’kidlamoqchiman. Boshqaruv apparati maktabga “bizga nima xizmat” deb borganda muammolar bir-bir o‘zi chiqib kelaveradi. Davlat rahbari bejiz mahallabay ishlash tizimini joriy qilmadi. Negaki, yuqorida qayd qilganimizdek, “chilik”lar mahallada ham bor. To‘g‘risi, “mayda masala” deb sanalib kelinayotgan, maktabdan tuman, shahar, viloyat va hokazo idoralarga masala ko‘tarish, yechim so‘rab buyurtma berish tizimi shakllanmayapti. Tezkor tizimlashtirilishi shart bo‘lgan masala bu. Ta’limning boshqaruv idoralari o‘qituvchilar huzuriga kunora sayyor qabulga borishi kerak. Unga majburlab ehtiyojsiz uslubni tiqishtirish emas, o‘zlashtirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoning aniq yechimini beradigan yordamni joyida ko‘rsatib, sinov maydonchasida qo‘llashda bosh-qosh bo‘lishlari darkor. Muhimi, “Shunga ham aqling yetmadimi?” degan dakkiga umuman o‘rin bermaslik kerak. Maktabga mustaqillik kerak deganda, unga o‘z tizimining nuqsonsiz ishlashi uchun kerakli instansiyadan zarur xizmatni talab qilishga vakolat berish zarurligi nazarda tutilyapti.
Urg‘u bermoqchiman, maktabdan yuqori bo‘g‘in idoralariga buyurtma beri- lishi haqida fikr yuritilyapti. Boshqa bir muhim jihati: maktabda fanlar bo‘yicha uslubiy birlashmalar eng yuqori darajada hurmatlanish mavqeiga olib chiqilsa, dars sifatini kamida yana 50-60 foizga oshirish imkoni yaratiladi, fan o‘qituvchilari o‘zini o‘zi boshqarishiga, ochiqlik, oshkoralikka erishiladi. Test sinovlaridagi ommaviylashgan xato-kamchiliklarning tahlil qilinishi va keyingi yillarda takrorlamaslik chora-tadbirlari ta’lim sifatining yaxshilanishiga turtki bo‘ladi.
Yuqori darajadagi bo‘g‘in idoralariga buyurtmani beruvchilar aynan shular bo‘lishi nazarda tutilyapti.
- Uzr, fikringizni bo‘laman. “Sovet zamonidan qolgan”, degan vaj bilan “metodbirlashma” faoliyatini ba’zilar e’tibordan chetda qoldirishdi. Bu boradagi fikringizni kengroq izohlasangiz.
- Xalqimizda “Ilmni kerak bo‘lsa, Chinga borib o‘rgan”, degan naql bor. To‘g‘risi, besh qo‘l barobar emas. Bir muddat shu kabi yondashuv bilan ko‘p tajribali ustoz-muallimlarimizni ham maktabdan chetlatdik. “O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonadi”, deganlaridek, ayrim panada yurganlarning kasriga shunday hollar ham yuz berdi.
Mana, kasaba uyushmalarining ayovsiz kurashlari va Yurtboshimizning qo‘llab-quvvatlashlari bilan pensiya yoshidagilar ham hadiksiramay faoliyat yuritadigan bo‘ldi.
Qaysi zamondan qolish-qolmasligidan qat’i nazar, agar bilim, ta’lim olishda qo‘l kelsa, mubolag‘asiz, foydalanishimiz shart. Ilm Afrikada ham ilm. U yoki bu fandan o‘zlashtirishdagi muammolar qayerda yechim topadi, qaysi uslub o‘quvchilarimizga ma’qul, u yoki bu mavzuni qaysi hayotiy misol bilan tushuntirgan afzal? Aytgancha, qayerda bu kabi savollarga tezkor va ishonchli javob topasiz? Mubolag‘asiz, muayyan fan o‘qituvchilari o‘z uslubiy birlashmasida bu savollarning aksariyatiga javob olishadi. Bu isbot talab qilmaydigan aksioma. Shu jarayon bilimli, tajribali o‘qituvchilarning hurmatiga hurmat qo‘shadi. Ustoz-shogirdlik yo‘lga tushib ketadi. Ustama belgilash ham ortiqcha mashmashalardan xoli bo‘ladi. Mehnatdagi o‘rnak uchun rag‘batlantiriladigan bo‘lishadi. Ishoning, fan bo‘yicha uslubiy birlashmalar xizmatiga nafaqat tan beriladi, hatto qayta tan olinadi. Ish jarayonida hamkorlarimizga daxldor muammolar ham qatorlashib chiqaveradi. Gap uni mohirona taqsimlab, hal qilib, qayta jarayonga joylashda qoladi. O‘zingiz bilasiz, bu - masalaning texnik tomoni.
Bunday holatda maktab pedagogika kengashi o‘z vakolatini ishga solib, tegishli instansiyadan talab qilib, tegishli qaror chiqartirish vakolatiga ega ekanligini eslatib o‘taman. Negaki, uslubiy birlashmalarda boshlangan “qimirlash” rahbariyatni bezovta qilishi turgan gap. Andisha qilib, yelka qisib o‘tirish bizga obro‘ olib kelmaydi. Davlat rahbari har qanday idorani ta’lim muassasalariga bo‘ysundirib berdi. Ish jarayonida aniqlanadigan muammoni hal qiluvchi idoradan talab qilmay ta’limni muammolar girdobida qoldirmasligimiz kerak.
- Mahmud aka, siz hokimlikda mas’ul vazifalarda ishlagansiz, hayotingizning katta qismi viloyat xalq ta’limi sohasi rahbarlik lavozimlarida o‘tgan. Hozir ham bu sohadan uzoq emassiz. Tajribali mutaxassis sifatida fikringiz - hokimlik vakillari, ta’lim tizimi rahbarlariga nimalar yetishmayapti?
- O‘rinli savol. Boshqaruvdagi ko‘p soha rahbarlari faoliyati davomida uchraydigan muammolarga ana shu nuqtai nazardan qarashi ish uslubimizning kredosi bo‘lishi zarur. Negaki, muammoni bir martalik, mendan ketguncha emas, tizimlashtirish darajasiga chiqarish, natijadorligi shubhadan xoli bo‘lishiga erishgandan so‘nggina nazoratdan olishga odatlanish bilan boshqaruvchilik obro‘ keltiradi. Ikkinchidan, muammoni ko‘tarishdan iymanish, uchinchidan, hokimlik mutasaddilarini maktabga, yumshoqroq aytganda, mehr, hurmat ko‘zi bilan qarashga odatlantirish, hokimning yoshlar ishlari bo‘yicha muovini, ijtimoiy masalalar bo‘yicha muovini, bosh mutaxassis, refyerent va turli doimiy harakatdagi komissiyalar o‘z vazifalarining mazmun-mohiyatini anglashlari, qog‘oz uchun ishlashdan voz kechishlari talab qilinadi.
Hozir maktabning moddiy-texnik bazasini ta’minlash o‘n yil oldingi darajada emas. Demak, yetishmaydigan narsa: sifat. Dars sifati bilan shug‘ullanish, “Bir soat o‘tilgan sifatsiz dars kelajakka qilingan xiyonatdir” shiori ostida ishlash, yana aniqroq qilib gapirsak, sifatga erishishda to‘g‘anoq bo‘layotgan barcha muammolarning egalari bilan hamkorlik yetishmaydi. Ilmli dunyoning bir bo‘lagi bo‘lish, eng avvalo,ilm dargohlariga yuqori darajada hurmatda bo‘lishimiz talab qilinganidek, hokimliklarning bu borada oyog‘i bor, yerda yuradigan sifat yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lib turgan aniq to‘siqlarni butunlay olib tashlash bo‘yicha mas’ul tashkilotning nomi, bartaraf etish muddati kabilarni qamrab olgan konsyepsiyalari bo‘lishi shart. Oddiy ijtimoiy tarmoqda biror o‘quvchi negativ chiqish qilsa, barcha yuqori eshyelondagi mutasaddilar “Nega yo‘lqo‘yildi?”, “Kim aybdor?”, “Mana senga jazo”, deya “vazifalari”ni “muvaffaqiyatli” ado etishi yaramaydi. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Muammoni aniqlab, yechib, bartaraf etish tizimini tuzib, qutulishimiz mumkin.
Husan Nishonov suhbatlashdi.
“Ma’rifat” gazetasining 2022 yil 30 noyabrdagi, 48-sonidan olindi.