Sinovli kunlarni mehnati bilan yengayotganlar
70 yoshni qarshilayotgan Qunduz momo Xudoyorova hali ham yoshligidan mehri ingan, qo‘llarini qabartgan gilam to‘qish bilan mashg‘ul. Ilk gilamni 10 yoshida ikki oy davomida to‘qigan Qunduz momo bugun ham hunarini nevaralariga, shogirdlariga o‘rgatishdan charchamaydi. Yo‘qolib ketayotgan milliy hunarmandchiligimizning ushbu turini yanada rivojlantirsam, deydi.
- Nurobodning asosiy aholisi chorvachilik bilan shug‘ullanadi, - deydi Qunduz momo. – Hududimiz qir-adirlardan iborat. Har bir qishloq oralig‘i olis. Shungami ayollarimiz imkoniyatdan kelib chiqib ro‘zg‘orlarini but qilgan. Esimni tanibmanki, onam va qo‘shni ayollarning asosiy mashg‘uloti qo‘ylardan mavsumda ikki bor olinadigan junlarni titish, ularga ishlov berib, yigirishdan, kalava qilishdan, ranglab, turli ro‘zg‘or buyumlari tikishdan iborat edi. Ayollarimiz jundan qotma va taqir gilam, xurjun, kigiz to‘qigan. Shungami 10 yoshimda mustaqil, ilk qotma gilamni to‘qiganman. Oldinlari har bir xonadonda gilam to‘qish do‘konlari bo‘lardi. Hozir gilam to‘qiydigan qizlarni topish qiyin. To‘g‘ri, bu hunarning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, zahmati bor. Dastlab junni tozalash, yuvish, yigirish, bo‘yash, ishlov berish , ya’ni bitta gilam to‘qish uchun 13 bosqichli jarayonni bosib o‘tish lozim. Bitta gilamni 3 nafar qiz bir haftada, bir kishi bir oyda to‘qiydi. Bu qizlarimizning sabrini, didini shakllantirib, san’atga, mehnatga oshno qilgan.
Bugun barcha xonadonlarimizni zamonaviy gilamlar egallayotgan bo‘lsa-da, hamon qo‘l mehnati ila to‘qilayotgan mahsulotlar xaridorgir. Lekin bu xaridorlar asosan chet ellik sayyohlar. Nega?
- To‘qilgan gilamlar tabiiyligi, havo o‘tkazuvchanligi bilan ham inson organizmiga foydali ekan, - deydi hunarmand momo. – Qishda issiq, yozda salqin saqlaydi. Ipidan tortib ranglarigacha tabiiy. Bugun asosiy xaridorlarimiz chet elliklar. Har bir gilamning mustahkamligi foydalanilgan junga ham bog‘liq. Misol uchun, qora qo‘yniki, issiq bo‘lsa, arabi, hisor qo‘yniki yigiruvchan, nafis bo‘ladi. Junning kuzda olingani sifatini tez yo‘qotsa, bahorda olingan jun mustahkam bo‘lib, yuz yillab xizmat qiladi.
Hozir karantin davrida nevaramga xoligilam to‘qishni o‘rgatyapman. Bu gilam bir metrga 80 santimetr atrofida bo‘lib, 6 oy davomida to‘qiladi. Gilamning nusxasi tanlangach, e’tibor bilan to‘qish talab etiladi. Agar ozgina xato qilsa ham gul nusxasi nuqsonli bo‘ladi.
Xoligilamni jun va ipakdan to‘qish mumkin. Hozir nevaram ham uyda o‘tirganidan foydalanib, gilam to‘qishning sir-asrorlarini mukammal o‘rgatayapman.
Bugun Nurobodda milliy hunarmandchiligimizning 10 dan ortiq yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar ko‘p. Ular uyda qolib o‘z mehnati bilan kasallikni yengishga bel bog‘laganlar.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.