Sirdaryoning texnogen ofat kuzatilgan hududlaridagi epizootologik va ekologik holatlar SamVMI olimlari tomonidan ham o‘rganilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati topshirig‘i bilan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti o‘simlikshunoslik va yem-xashak yetishtirish kafedrasi mudiri, professor N.Xalilov rahbarligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatining tabiiy ofat kuzatilgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida joylashgan mahallalar hududlarida bo‘lib qaytishdi.

2020 yil 29 may kuni Sirdaryo viloyatiga yetib borgan ishchi guruh a’zolari suv toshqini oqibatida talafot yetgan hududlarda yuzaga kelgan muammolarni o‘rgandi. Hududlardagi atrof-muhitni infeksiya va invaziyalar bilan ifloslanish darajasini aniqlash maqsadida o‘sha atrofdagi tuproq va ko‘lmak suvlardan namunalar olishdi.

Guruh a’zolari tomonidan hududlarda joylashgan chorvachilik xo‘jaliklarida yuzaga kelgan muammolarni ilmiy o‘rganish maqsadida tumanning “Sirdaryo  momiq quyonlari” fermer xo‘jaligidagi quyonlarning veterinariya sanitariya va zoogigiyenik holati va oziq-ovqat zaxirasi o‘rganildi va aniqlangan  muammolar bo‘yicha kerakli taklif va tavsiyalar berildi.

Viloyat hududlaridan olingan namunalar maxsus labaratoriyalarda ilmiy jihatdan tekshirilishi natijasida xo‘jaliklardagi epizootologik va ekologik holatlar aniqlanadi va kerakli  chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.