"So‘lim e’tibordan chetda emas"mi?
Joriy yilning 13 dekabrida gazetamizda Samarqand shahridagi So‘lim shaharchasidagi muammolar tanqid qilingandi. Jumladan, hududda aholining bir necha yildan buyon tabiiy gazsiz qolayotgani, yo‘llarning xarob ahvoli, elektr ta’minotidagi uzilishlar va boshqa muammolar tilga olingan.
Mahalladagi muammolar haqida yana bir qator ommaviy axborot vositalari bong urdi. Ammo hozirgacha Samarqand shahar hokimligidan maqola bo‘yicha aks-sado bo‘lmagach, "So‘limda nima o‘zgardi?" degan savol bilan shu hududda yashovchi fuqarolarga murojaat qildik.
– Afsuski, hozircha hech narsa o‘zgargan emas, – deydi So‘lim shaharchasidagi Chilquduq mahallasida yashovchi Sharof Ma’rupov. – Bizning muammolar haqida oxirgi bir oyda "Zarafshon"dan tashqari "Samarkandskiy vestnik", "Samarqand", "Mahalla" gazetalarida ham yoritildi, televideniyeda ko‘rsatuv qilindi. To‘g‘ri, hokimlik xodimlari kelib ketishdi, ammo biz o‘zgarish ko‘rmayapmiz.
Aholining fikrlarini eshitib, shahar hokimligi bilan bog‘landik.
– So‘limdagi muammolar hech kimga sir emas, – deydi hokimlik mas’ul xodimi F.Najmiddinov. – Shaharchadagi mavjud holatlar hammamizga tanish bo‘lsa-da, ommaviy axborot vositalarida chiqish bo‘lgach, hududda bo‘lib, mavjud muammolarni yana bir bor o‘rganib chiqdik. Bajarishimiz kerak bo‘lgan ishlarni yana bir bor belgilab oldik. Tez orada hududda ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. So‘limdagi uchta mahalla ham 2019 yil "Obod qishloq" dasturiga kiritilgan. U yerda maqolada tilga olingan asosiy ko‘cha bilan birga barcha ichki yo‘llar ham to‘liq ta’mirlanadi. Ayni vaqtda tabiiy gaz va elektr ta’minotidagi muammolar tarmoqlarning eskirib ketgani bilan bog‘liq bo‘lib, dastur doirasida tabiiy gaz tarmoqlari ta’mirlanib, ta’minot tiklanadi. Mavjud transformatorlarning to‘rtalasi ham yangilanadi, elektr tarmoqlari zamonaviysiga almashtiriladi. Shuningdek, hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi, bolalar bog‘chasi va eski madaniyat uyi mukammal ta’mirdan chiqariladi. Bir vaqtlar ishlagan ammo bugun talabga javob bermay qo‘ygani sababli faoliyati to‘xtab qolgan oilaviy poliklinika binosi ham qayta tiklanib, muassasa yana ish boshlaydi. Umuman, shaharchada biror-bir muammo qolmaydi. Chunki ularning barchasi e’tiborda.
Hokimlik mas’ul xodimi aytgan ishlarning bajarilishi yaxshi, albatta. Ammo dastur asosidagi bunyodkorlik, obodonchilik ishlari boshlanguncha aholi xonadonini qanday isitsin? Ularga ko‘mir yoki suyultirilgan gaz yetkazib berilmaydimi? Xullas, hozircha so‘limliklarga faqat va’da berilyapti…
Eslatib o‘tamiz, oldinroq "So‘limda odamlar uyni isitish uchun oyoq kiyimlarini yoqmoqda" deb xabar qilgan edik.