Soliq konsepsiyasi korxona faoliyatini izchil rivojlantirishga, ishchilar soni va ish haqi oshishiga imkon beradi
2019 yil 1 yanvardan yangi soliq konsepsiyasi kuchga kirdi. Konsepsiyaning amaliyotga joriy etilishi ishlab chiqarish faoliyatidagi korxonalarga qanday ta’sir qiladi?
Abdulla UMAROV,
«Asl Nafis» mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobchisi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba soliq konsepsiyasi amaliyotga tatbiq etildi. Bu korxonalarda ishchilar sonini oshirish, ish haqini ko‘paytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, bir so‘z bilan aytganda, «konvert»da ish haqi to‘lashga barham beradi.
Masalan, avval Samarqand shahri bo‘yicha 431 ta korxona umumbelgilangan soliq to‘lovchi hisoblangan bo‘lsa, endilikda ular soni 1182 taga yetdi. Ulardan joriy yil yakuniga qadar 270 milliard so‘mdan ortiq qo‘shilgan qiymat solig‘i undirilishi kutilmoqda. Buning uchun Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2018 yilda tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan 831 yuridik shaxs va 224 yakka tartibdagi tadbirkor bilan umumbelgilangan soliq to‘lovlariga o‘tishi bo‘yicha tushuntirishlar olib borildi. Shuningdek, ushbu korxonalarga 100 dan ortiq malakali mutaxassislar biriktirilib, soliq to‘lovchining manziliga borib amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Endi soliq konsepsiyasining afzalligiga to‘xtalib o‘tsak. Misol uchun, «Asl Nafis» mas’uliyati cheklangan jamiyati 2018 yilda korxona byudjetga (byudjetdan tashqari jamg‘armalar bilan) 910,9 million so‘m soliq to‘lagan. 2019 yildan jamiyat umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazildi. Korxona tomonidan xarid qilinayotgan xomashyo mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan sotib olinishi sababli mahsulot tannarxi bevosita pasayadi. Chunki xomashyo sotib olinayotganda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘langan hisoblanib, byudjetga to‘lanayotgan summadan chegirib qolinadi. Agar korxona joriy yilda 8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarsa, shundan 845,4 million so‘m soliq to‘lanadi. Shunday ekan, soliq konsepsiyasi korxonalar uchun soliqlarni to‘lash, ishchilar soni va ish haqini oshirish imkonini beradi.
Savolga Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Shuhrat HASANOV javob berdi.