SSV: So‘nggi uch kun davomida sog‘aygan bemorlar 242 nafarga yetib, jami tuzalganlar 500 nafardan oshdi

Yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni samarali davolash jarayonida minglab tibbiyot xodimlarining matonati va fidoyiligiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bunda mamlakatimizning barcha hududlaridagi shifokorlar astoydil mehnat qilishmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar samarasi esa kundan kunga yorqinroq namoyon bo‘lmoqda.

Jumladan, bugun ham poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan ham koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 8 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Farg‘ona viloyatidan. Ulardan 1 nafari BAAning  Dubay shahridan kelgan. Qolgan 7 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 2 nafari erkak, 6 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 13 yoshda.

Ushbu klinikada shu paytga qadar 50 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 58 nafarga yetdi. Bunda shubhasiz, respublika  Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida faoliyat yuritayotgan fidoyi tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor.

Shunday qilib, so‘nggi uch kun davomida sog‘ayganlar jami 242 nafarga yetdi va ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 503 nafarni tashkil etmoqda.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.