Sudning ajrimi bekor qilindi: Yerni noqonuniy egallagan fuqaro 307 million so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Urgut tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan monitoring-tahlil davomida fuqaro M.K. “Mehnatobod” agrofirmasi hududida tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 0,25 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani aniqlandi. Buning natijasida ushbu yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilib, davlatga 307 million 122 ming 54 so‘m zarar yetkazilgan.

Ushbu zararni undirish maqsadida inspeksiya tuman bo‘limi fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritadi. Ammo sudning 2020 yilning 28 avgust kungi ajrimi bilan javobgarning aybdorligi tasdiqlangan hujjatlar taqdim qilinmagan, degan asos bilan da’vo ariza qaytarilgan edi.

– Sudning mazkur ajrimi yuzasidan 2020 yil 15 sentyabr kuni  fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudiga kassatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritdik, – deydi O‘zagroinspeksiyaning Urgut tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zaynobiddin Suvonov. – Shikoyat arizamiz fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, Toyloq tumanlararo sudining ajrimi bekor qilindi va da’vo ariza mazmunan ko‘rib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborildi. Shundan so‘ng da’vomiz to‘liq qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan javobgar M.K.dan yetkazilgan zarar - 307 million 122 ming 54 so‘mni davlat foydasiga undirish belgilandi.