Tadbirkor murojaatiga Past Darg‘om tuman hokimligi munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Amin invest international” qo‘shma korxonasi rahbari Emma Kostamirovaning 2020 yil 10 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo‘llangan video murojaati turlicha talqin qilinmoqda.

Mazkur holatga Past Darg‘om tuman hokimligi munosabat bildirdi:

Emma Kostamirova tomonidan ma’lum qilingan qo‘shma korxona 1996 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Murojaatda aytilganidek, paxta yetishtiruvchi, fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida paxtani qabul qilish uchun shartnoma rasmiylashtirilmaganligi korxona faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. “Amin invest international” qo‘shma korxonasi xohlagan paytda, xohlagan miqdorda birja orqali tola sotib olishi mumkin.

Past Darg‘om tumanidagi fermer xo‘jaliklarining 2020 yil paxta hosili uchun “Amin invest international” qo‘shma korxonasi bilan shartnoma tuzilmaganligiga quyidagilar sabab bo‘ldi:

- “Amin invest international” qo‘shma korxonasiga bugungi kunda Past Darg‘om tumani hududidan 383 gektar yer belgilangan tartibda ajratib berilgan. Biroq, ajratilgan mazkur yerning 70 gektari hali-hanuz ag‘darilmay (2019 yilning noyabr oyida shudgorlash lozim edi), agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmagan. Yer paxta ekishga tayyorlanmagan. Bu esa, eng yomon holat deb baholanadi. O‘ziga tegishli yerni obod qilmagan qo‘shma korxona qanday qilib boshqa fermer xo‘jaliklariga namuna bo‘ladi?

- bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramay, bugungi kunga qadar 2020 yil hosili uchun mineral o‘g‘it zaxirasi jamg‘arilmagan;

- qo‘shma korxona tomonidan o‘z balansiga fermer xo‘jaliklarining og‘irini yengil qilish, ish samaradorligini va yer unumdorligini oshirish maqsadida birorta ham qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari sotib olinmagan (ma’lumot uchun, boshqa klasterlar tomonidan 2019 yilda 118,0 milliard so‘mlik 1278 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi sotib olingan);

- eng achinarlisi, Past Darg‘om tumanidagi 152 fermer xo‘jaligi tomonidan peshona teri bilan yetishtirilgan 2019 yil paxta hosilining hisob-kitobi shartnomada 2019 yil 31 dekabrga qadar to‘lab berilishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, to‘lov 2020 yil aprel oyining birinchi o‘n kunligigacha ham amalga oshirilmagan. Yetishtirilgan paxta hosilidan 11 milliard 657 million so‘m haqdorlikdan bor-yo‘g‘i 2 milliard 663 million so‘mi (22,8 foizi) 40 ta (26,3 foiz) fermer xo‘jaligining hisob raqamiga qisman o‘tkazilgan, xolos. Qolgan 112 ta fermer xo‘jaligining 8 milliard 999 million so‘m mablag‘i bugungi kungacha to‘lanmagan. Bu esa, o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ishchilarning ish haqini o‘z vaqtida ololmay sarson-sargardon, norozi bo‘lishiga va haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Holbuki, 2019 yilda mazkur qo‘shma korxonaning klaster sifatidagi faoliyatida ijobiy farq hisobiga qolgan mablag‘ 35,4 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 sentyabrdagi «2019 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 01-03/-1711-sonli yig‘ilish bayonida 2019 yil paxta yig‘im-terim davrida 91 ta terim otryadi rahbariga 364 million so‘m ish haqi berilishi belgilangan bo‘lsa-da mazkur qo‘shma korxona tomonidan otryad rahbarlariga ish haqi berilmagan. Vaholanki, “Amin invest international” qo‘shma korxonasi paxtani yig‘ib, terib olishga bevosita mas’ul hisoblangan.

2019 yil paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida tuman hokimligi va paxta shtabi tomonidan hasharchilarni uzoq xududlardagi paxta maydonlariga olib borish maqsadida uch tomonlama shartnoma asosida oldindan to‘lovsiz transport xizmatlari ko‘rsatilishi tashkil etilgan. “Amin invest international” qo‘shma korxonasining ushbu masala bo‘yicha ham 7 ta avtotransport korxonasi oldidagi qarzdorligi bugungi kunda 325 million so‘mni tashkil etmoqda va to‘lov hanuzgacha amalga oshirilmagan.

Qo‘shma korxonada birorta xam qishloq xo‘jaligi mutaxassisi mavjud emas. Fermer xo‘jaliklaridagi kadrlarni o‘qitish, ularning malakasini oshirish borasida ham qo‘shma korxona tomonidan hech qanday amaliy ish olib borilmagan.

Qo‘shma korxona tomonidan Past Darg‘om tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida birorta ishchi o‘rni yaratilmagan. Ijtimoiy muammolarning yechimi bo‘yicha amaliy yordam, hatto taklif ham berilmagan (tumanning paxta ekiladigan hududlarida ijtimoiy muammolarimiz yetarlicha. Viloyatning Narpay, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi yoki tumanimizning ikkinchi qismida faoliyat yuritgan klaster tomonidan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilayotgani, hattoki ijtimoiy muammolar yechimiga ko‘makdosh bo‘layotganligi tahsinga sazovordir).

Shu bilan bir qatorda, Past Darg‘om tumani hokimligida korxona tomonidan mazkur hududda qonunga zid ravishda naqd pul shaklida hisob-kitob ishlari amalga oshirilganligi haqida ham ma’lumotlar mavjud (qo‘shma korxona tomonidan paxta tozalash korxonasiga yetishtirilgan paxtani qayta ishlash xizmatlari uchun 600 million so‘mga yaqin pul mablag‘i bankdan tashqari naqd pul ko‘rinishida to‘lab berilgan. Paxta tozalash korxonasi rahbariyatining bildirishicha, qo‘shma korxona 2 milliard so‘mga yaqin qarzdorligini hanuzgacha to‘lamasdan kelmoqda).

Qo‘shma korxonadagi bunday salbiy holatlar tumandagi paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini iqtisodiy tang holatga olib kelishi mumkin.

Yuqorida qayd etilgan asosli sabablar va ma’lumotlarga ko‘ra tuman hokimligi, tuman fermer va dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi 2020 yil paxta hosilini yetishtirish bo‘yicha Past Darg‘om tumanidagi fermer xo‘jaliklari bilan “Amin invest international” qo‘shma korxonasi o‘rtasida kontraktatsiya shartnomasini tuzishni maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelgan.