Tadbirkorlarga shoshilinch yordam ko‘rsatishga qaratilgan telegram-bot ishga tushiriladi
Bu haqda Respublika Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uchrashuvda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Rahimov, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, banklar, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Bosh prokuror o‘rinbosarining ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining bugungi kundagi siyosatida fuqarolar farovonligi asosiy o‘rinni egallaydi. Agar barqaror ish va daromad bo‘lsa byurokratiya, poraxo‘rlik bo‘lmasa, demak, huquqbuzarliklarga ham o‘rin qolmaydi.
Prezidentimiz boshchiligida joriy yilning 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Mazkur yo‘nalishga Bosh prokuror o‘rinbosari mas’ul etib tayinlandi. Respublikada investitsiyalarni joriy etish, tashqi savdo, mahsulot eksporti va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 ta shtat birligi ajratildi. Viloyatlarda esa viloyat prokurorining katta yordamchisi bu ishga mas’ul bo‘ladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hukumat komissiyasi tomonidan tadbirkorlarning tizimli muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha onlayn platforma ishga tushiriladi. Telegram bot “Tez yordam” deb nomlanishi rejalashtirilgan. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan tadbirkorlar o‘z muammolari haqida murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Har bir murojaat zudlik bilan ko‘rib chiqiladi va hal qilinadi.
Uchrashuvda ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investitsiya faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tuman va shaharlarning sarmoyaviy salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun har bir sektor rahbari mas’ul hisoblanadi.
Tadbirning ikkinchi qismi savol-javob tarzida o‘tdi. Tadbirkorlar komissiya rahbariyati va viloyat hokimiga murojaat qilib, faoliyatida yuzaga kelgan muammolarini bildirdi. Har bir masala respublika, viloyat mutasaddi idoralari vakillari ishtirokida muhokama etilib, ularning talab va ehtiyojlariga javob beradigan maqsadli yechimlar ishlab chiqishga qaror qilindi.