Tajribali jurnalist bo‘lg‘usi jurnalistlarga mahoratdan saboq berdi

Taniqli publitsist, adib va shoir, Samarqand viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida galdagi mahorat darsini o‘tdi. Ustoz saboqni talabalarga 50 dona kitob hadya etishdan boshladi.

O‘n yildirki, F.Toshev har yili Toshkentga kelib, bo‘lg‘usi jurnalistlarga kasb mahoratidan saboq berib, amaliyot sirlarini o‘rgatib ketadi. Har gal u samarqandlik ijodkorlarning yangi kitoblari hamda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalaridan 50-60 nusxani fakultet kutubxonasiga topshiradi, bir qismini bo‘lg‘usi jurnalistlarga taqdim etadi.

O‘z navbatida har yili talabalardan bir guruhini “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyatida tashkil etilgan “Jurnalistik mahorat markazi”ga olib borish yo‘lga qo‘yilgan.

- Talabalar yetuk jurnalist bo‘lishlari uchun nazariy bilimlarni puxta egallash barobarida amaliyot sirlarini ham o‘rganishlari zarur, – deydi universitet jurnalistika fakulteti dotsenti Ahmadjon Meliboyev. – Har gal yosh ijodkorlarimizni Samarqandga olib borganimizda ular yo‘l-yo‘lakay tabiat manzaralariga oshno bo‘lib, ko‘hna va navqiron shahar go‘zalliklaridan ilhomlanib ketadi. Shu tariqa “Zarafshon” gazetasining navbatdagi sonini ustoz-u shogirdlar bilan birgalikda nashrga tayyorlaydi.

F.Toshevning “Qarnabcho‘l qo‘shig‘i”, “Onang tirik, bolam”, “Men yomg‘irli kunda kelaman”, «So‘z aytmoq saodati», “Adib va adabiyot”, “Tazarru”, “Tuzoq” singari o‘nlab kitoblarini o‘qigan muxlislari, ayniqsa yoshlar o‘z faoliyatlari uchun andoza oladilar.

– Ijodkor hayotini kitobsiz, ijodsiz tasavvur qila olmasligi kerak, – deydi F.Toshev. – Adabiyot, badiiy ijod intellektual fazilat, botiniy hislarga asoslanadi. Bo‘lg‘usi jurnalistlar ko‘p o‘qib-o‘rganib, ijodiy ruh, ilhombaxsh tuyg‘ular bilan kamol topishini istayman.

To‘lqin ESHBEK,

O‘zMU jurnalistika fakulteti dotsenti.