Taksi narxi nega 5 ming so‘m bo‘ldi?

Keyingi paytda shahar ichida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotgan «sariq» taksilarning kira haqi 5 ming so‘mga ko‘tarilgani haqida har xil gap-so‘zlar tarqalmoqda. Xo‘sh, bu narx yo‘lovchilarga qanchalik ma’qul kelmoqda?

Mijozlar fikri:

- Sal ilgariroq taksi haqi 3 ming so‘m edi. Keyinchalik 4 ming so‘mga chiqdi. Hozir qayerga bormang 5 ming so‘m to‘layapmiz.

- Qishloqdan shaharga 4 ming so‘m bilan kelamiz. Shaharda taksilar bir qadam yursa ham 5 ming so‘m olishini ko‘rib hayron qoldik.

- Avtobuslarni tushunsa bo‘ladi, ammo taksilarning kira haqi bunchalik tez oshishi insofdanmikan? Narxni kim belgilaydi? Nazorat qiladigan idora bormi o‘zi?

To‘g‘ri fikrlar, haqli e’tirozlar.

Har kuni ishga yoki o‘qishga boruvchilar manzilga o‘z vaqtida, bexavotir yetib borishni o‘ylaydi. Buning uchun har kim ehtiyoji yoki moddiy imkoniyatidan kelib chiqib ulov tanlaydi. Shubhasiz, vaqti tig‘iz kishilar taksi yoki yo‘lovchi mashinalarni afzal bilishadi.

Xullas, har qanday vaziyatda ko‘pchilik, garchand kira haqi qimmat bo‘lsa ham yo‘nalishsiz taksilarga murojaat qiladi.

Biz yo‘lovchilar fikridan kelib chiqib holatga oydinlik kiritish maqsadida viloyat transport boshqarmasi mutasaddilariga murojaat qildik.

- Bugungi kunda yo‘nalishsiz taksi bo‘yicha 198 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 115 tasi Samarqand shahrida joylashgan bo‘lib, ular hisobida 3233 ta avtomobil bor. Umuman, viloyatimizda hozir jami 4632 ta yo‘nalishsiz taksi mavjud, - deydi boshqarma litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Anvar Rajabov. – Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida»gi qarori, mazkur hujjat asosida «Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoi­dalari»da ularning faoliyati tartibi belgilangan. Qoidaning 99-bandida yo‘nalishsiz taksilarning yo‘lovchilar va bagajni tashish tariflari miqdori tashuvchi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan. Tashuvchi bu yuqorida sanab o‘tilgan litsenziyaga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlik korxonalari hisoblanadi. Shunga ko‘ra, kira haqini sarf-xarajatdan kelib chiqib har bir tashkilotning o‘zi belgilaydi.

Mutaxassisning fikrini inkor etmagan holda kira haqining faqat Samarqand shahrida oshirilganligiga taajjublanasan, kishi. Vaholanki, har qanday yo‘lovchiga hozirgi narx qimmatlik qilishini hech kim inkor etmaydi. Agar boshqa joylar bilan taqqoslab ko‘riladigan bo‘lsa, masalan, Jizzax shahrida taksilar kira haqi 2,5-3 ming so‘mdan oshmaydi. Shahrisabz, Qarshi shaharlarida ham shu narx. Toshkentni oladigan bo‘lsak, shaharning u chetidan bu chetigacha arzimagan pul bilan borish mumkin. Bordi-yu, haydovchiga uzoqroq manzilni aytsangiz, sizga ma’qul narxni taklif qiladi. Samarqandda-chi? Besh yuz metr yursangiz ham 5 ming so‘m, shahar chetrog‘iga chiqmoqchi bo‘lsangiz 8-10 ming so‘mingizni qurtdek sanab olishdan qaytmaydi.

Bizda transport xizmati ko‘rsatayotgan korxonalar boshqayu, respublikamizdagi shaharlardagi taksichilar boshqami? Belgilangan tariflar hamma joyda bir xil emasmi?

Nazarimizda, yo‘nalishsiz taksilarda transport xizmati ko‘rsatish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan ko‘rinadi. Transport boshqarmasi belgilangan qonun-qoidadan chiqmasa, Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari masalaga keskin baho bermasa, soliq va moliya idoralari holatni xaspo‘shlashdan nariga o‘tmasa kelgusida bu illat kattalashib, yaraga aylanishi, yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar o‘z bilganicha ish tutishi turgan gap. Aslida dunyo nigohida turgan, turizm markaziga aylanayotgan Samarqand shahrida taksilar xizmati ham, taksichilarning xatti-harakati ham shunga mos bo‘lishi lozim. Vaholanki, kira haqini o‘zgartirgan korxona o‘ziga tegishli taksilarga amaldagi narxni yozib qo‘yishi, korxona manzili, haydovchining ism-sharifi, telefoni bo‘lgan beyjik osig‘liq turishi darkor. O‘zgargan kira haqi haqidagi korxona buyrug‘i (sabablari ko‘rsatilgan holda, albatta) osilgan, barcha haydovchilar tanishtirilgan bo‘lmog‘i lozim.

- Biz yo‘nalish taksilarda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi barcha tashkilot rahbarlariga ogohlantiruvchi xat bilan chiqqanmiz, - deya so‘zini davom ettiradi Anvar Rajabov. – Bu moddiy-texnik bazani yaxshilash, avtotransport vositalarini texnik va haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, haydovchining salomatligi, alkogol iste’mol qilmaganligi, toza-ozoda kiyinganligi, soch-soqolining olinganligi, yo‘lovchilar bilan xushmuomala bo‘lishini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, ogohlantirish xatida Vazirlar Mahkamasining nomi yuqorida zikr etilgan qarori talablarini bajarish maqsadida har bir yo‘nalishsiz taksining salonida yo‘lovchilarga ko‘rinadigan joyda korxonaning ichki sarf-xarajatidan kelib chiqqan holda yo‘lovchi tashish tarifi to‘g‘risidagi kalkulyasiyaning tasdiqlangan nusxasi bo‘lishini ta’minlash ham asosiy vazifa sifatida belgilangan.

Biz mazkur ogohlantirish xati bilan tanishdik. Uning 12-punktida shunday jumlalarni o‘qidik:

Yo‘lovchilardan yo‘l haqini olishda qaytimni to‘liq va faqat pul ko‘rinishida qaytarilishi hamda chek berilishini ta’minlash zarurligi ham qayd etilgan.

Chek berish deganda nima nazarda tutilayotgani ayon. Demak, barcha taksilarda taksometr bo‘lishi shart. Afsuski, shaharda harakatlanayotgan birorta taksida taksometrni ko‘rmaysiz. Borlari ham yaroqsiz, ishlamaydi.

Yana bir mulohazamizni aytmasak bo‘lmaydi. To‘g‘ri, taksi haydovchilar orasida o‘z kasbini va yo‘lovchilarni hurmat qiladigan, xushmuomala, orasta kiyingani ko‘p, albatta. Ammo ba’zi mashinalar holati kishi hafsalasini pir qiladi. Mashina saloni kir-chir, muomalasi yo‘q, sigareta yoki nos chekadigan, kiyim-boshiga qarab bo‘lmaydigan haydovchilar ham, afsuski, istagancha topiladi.

Xullas, shundan keyin mashinaga o‘tirgan sayyoh yoki mehmon biz, samarqandliklar haqida qanday tasavvurga ega bo‘ladi? Xo‘sh, ularni kim nazorat qiladi? Har kun ishga yo‘llanma beradigan korxonalar rahbarlari emasmi?

- Narxdan tortib, yo‘nalishsiz taksilarda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarda yuz berayotgan tartibsizliklarga sira toqat qilolmayman, - deydi nomini oshkor qilmasligimizni iltimos qilgan haydovchi. – Bir kunlik to‘lovlarda tuman bilan shahar o‘rtasida juda katta farq bor. Tumandagilar yo‘llanma uchun kuniga 20 ming so‘m to‘lov qilsa, biz 40 ming so‘mdan ko‘p to‘lashga majburmiz. Yoki bir oyda 600 ming so‘m reja belgilangan. Yaqinda korxona bilan bir haydovchi o‘rtasidagi shartnomaga ko‘zim tushdi. Unda bir oylik reja 400 ming so‘m deb qayd qilingan. Har bir tashkilotda kamida 200-300 tadan taksi borligini nazarda tutadigan bo‘lsak, qolgan 200 ming so‘m qayerga sarflanmoqda, bilmadim. Buni kim nazorat qiladi?

Buning ustiga haydovchilarga ish staji yozilmaydi. Ertaga pensiya yoshiga yetsak bu yog‘i nima bo‘ladi?

Ha, savol ketidan savollar tug‘ilmoqda.

Taksilar bahonasida biz «Samarqand shahrida ko‘pincha kechki paytlarda avtobuslarning kamayib qolishi sezilmoqda. Nega shunday?» degan savol bilan ham qiziqdik.

- Hozir shahar ichida 53 ta avtobus yo‘nalish bo‘yicha harakatlanmoqda, - deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Ergash Murodov. – Ulovlarning deyarli barchasi xususiy korxonalarga tegishli. Avtobuslarning kechki paytlarda ham to‘liq qatnovini amalga oshirish sarf-xarajatlarning oshib ketishi bilan izohlanadi. Shunga qaramay, ayni payt­da mavjud transport vositalarining 20-30 foizi navbatchi sifatida xizmat qilmoqda. Yo‘lovchilar talabini to‘la qondirishning esa hozircha imkoni yo‘q. Buning uchun zarar bilan ishlayotgan xususiy korxonalar xarajati mahalliy byudjet hisobidan qoplanishi darkor. Yo‘llarning o‘ydim-chuqurligi, tirbandlik, yo‘lovchilarning nisbatan kamligi, grafikka ham, xizmatni to‘la amalga oshirishga ham xalaqit bermoqda. Kelgusida bu ishlar to‘la yo‘lga qo‘yiladi, albatta.

Demak, hali bu borada to‘la tartib o‘rnatilishini uzoq kutishimizga to‘g‘ri kelar ekan. Afsus…

Adham HAYITOV,

«Zarafshon» muxbiri.