Talaba boʻlolmagan abituriyentlarga yurtimiz OTMlari hamkorligidagi qoʻshma taʼlim dasturlarida taʼlim olishni tavsiya qilindi
Soʻnggi vaqtlarda respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga topshirib, kirolmagan farzandini keyingi yil Oʻzbekistonga “perevod” qilish ilinjida (yoki oʻzi) xorijga oʻqishga yubormoqchi boʻlgan ota-onalar koʻp uchramoqda.
Joriy yil 15-iyuldan boshlab talabalar oʻqishini koʻchirish boʻyicha bir qator yangi tartiblar joriy qilindi, jumladan, endilikda oʻqishini xorijiy mamlakatlardan davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishga ruxsat etilmasligi hamda mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlarga koʻchirishda esa Davlat test markazi tomonidan test va oliy taʼlim muassasalari tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkazilishi belgilandi.
Shuningdek, keyingi yillardan boshlab test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar boʻyicha oʻtish ballari joriy oʻquv yilida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻtish ballariga mos ravishda tenglashtirilishi koʻzda tutilmoqda.
Shu oʻrinda, hukumatimiz tomonidan yoshlarning, xususan, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarning oliy taʼlim olish va bandligini taʼminlash uchun bir qator imkoniyatlar yaratib berilayotganini alohida qayd etish lozim.
Xususan, soʻnggi 5 yilda oliy taʼlim bilan qamrovni kengaytirish boʻyicha xorijiy OTM bilan hamkorlikda 58 ta respublika oliygohlarida ikki tomonlama davlat namunasidagi diplomlar berish koʻzda tutilgan qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etildi.
Mazkur qoʻshma taʼlim dasturlarining bir qator afzalliklari mavjud boʻlib, jumladan:
✔️ ishonchliligi (yaʼni, mazkur qoʻshma taʼlim dasturlari davlat OTM bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilganligi);
✔️ talabalar oʻquv jarayonining bir qismini xorijiy OTMda amalga oshirishi;
✔️ dars mashgʻulotlarining xorijiy malakali professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilishi;
✔️ bitiruvchilarning 2 ta, xususan, respublika va xorijda tan olinadigan diplomga ega boʻlishlari;
✔️ taʼlim jarayoni xorijiy OTM tomonidan tayyorlangan oʻquv rejalari, fan dasturlari, oʻquv materiallari asosida olib borilishi;
✔️ shuningdek, kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllarining mavjudligini alohida koʻrsatib oʻtish lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hamda farzandini xorijga oʻqishga yubormoqchi boʻlgan ota-onalarga murojaat qilib, yurtimizda mavjud OTM bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan qoʻshma taʼlim dasturlarida oliy taʼlim olishlarini tavsiya etadi.