Talabalar ko‘chada qolmaydi: muammoni yechishning yo‘li bor
Joriy yilning 8 sentyabr kuni “Zarafshon” gazetasi va Zarnews.uz saytida “Ko‘chada qolayotgan talabalar” nomli maqola chop etildi. Unda Samarqand shahridagi talabalarning turar joy muammosi, shuningdek, Samarqand veterinariya meditsinasi institutining yotoqxonasi hanuzgacha tayyor emasligi tilga olingan.
Shuni ma’lum qilamizki, Samarqand veterinariya meditsinasi institutida ikkita talabalar turar joyi mavjud. 1-talabalar turar joyi o‘g‘il bolalar uchun, 2-talabalar turar joyi esa qiz bolalarga moslashtirilgan (o‘g‘il bolalar yotoqxonasi 375 o‘rinli, qizlar yotoqxonasi 400 o‘rinli).
Ikkala yotoqxona ham 2004 yil joriy ta’mirdan chiqarilgan, shundan beri ta’mirlanmagan. Qizlar yotoqxonasi ayni kunda 2021 yil Davlat dasturi asosida kapital ta’mirdan chiqarilmoqda.
Bosh vazirning 903-sonli topshiriq xatiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining oshishi va talabalar turar joyiga ehtiyojning ortishi munosabati bilan institutning 1-yotoqxonasi ayni kunda qaytadan jihozlanmoqda. Ya’ni, imkoniyatdan kelib chiqib, turar joydagi mavjud xonalarga ikki qavatli zamonaviy dizayndagi yotoq o‘rinlari qo‘yilishi nazarda tutilgan. Buning natijasida qamrov 1,4 foizga ortadi va hozir bu jarayon davom etmoqda.
Bunda albatta, pandemiya sharoitidan kelib chiqib, sanitariya-gigiyena qoidalari buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunga mos ravishda, qizlar va o‘g‘il bolalar uchun alohida yuvinish xonalari, oshxona va hojatxona sharoitlari yaratiladi. Misol uchun, bitta xonaga 4 nafar talaba joylashadi, shkaf, stol-stul, yuvinish xonasi yoki oshxona – bular barchasi tasdiqlangan rejaga muvofiq ajratiladi.
Yotoqxonamiz oktyabr oyida talabalarni qabul qilishga tayyor bo‘ladi. Shu bois, arzon turar joyga muhtoj talabalar fakultetlar mas’ullari tomonidan aniqlanib, ularni vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha maxsus ishchi guruh faoliyatini tashkil etganmiz. Har bir fakultet dekani va dekan o‘rinbosarlari mahallalarga rasman biriktirilgan.
O‘quv yili boshlanganiga bir hafta muddat o‘tgan bo‘lsa, shu vaqt davomida 2500 nafardan ortiq talaba institut atrofidagi mahallalarda ijarada turib darsga qatnamoqda.
Talabalarni ijaraga joylashtirish tadbirlarini avgust oyidan boshlagandik. Ishchi guruh tomonidan mahallalardagi xonadonlar o‘rganilib, tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan ta’minlanish va xonadon egalarining ruhiy holati va talabalarga munosabati tahlil etilgan. Muammoni shu yo‘sinda yechib, yotoqxona ishga tushguncha, ularga ko‘mak berilmoqda.
Yotoqxona ishga tushgan taqdirda ham hammani qabul qilishning iloji bo‘lmaydi. 1-turar joyimiz yuqorida aytilgan chora-tadbirlardan so‘ng 500 nafardan ziyodroq talabani qabul qiladi. Birinchi navbatda nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va uzoq viloyatlardan kelganlar joylashtiriladi.
Ayniqsa, birinchi bosqich talabalari bilan alohida shug‘ullanilmoqda. Ishchi guruh mas’ullari, fakultet dekanlari, prorektorlar va institut rektoriga ham ushbu masala bo‘yicha talabalar murojaat qilish imkoniyatiga ega.
SamVMI axborot xizmati.