Talabalarni turar joy bilan ta’minlash qanday hal etilyapti?

Respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida yildan yilga kvotalarning ko‘payishi talabalarning turar joylarga bo‘lgan ehtiyojini oshirib yubordi. Shuningdek, yillar davomida talabalar uchun yotoqxonalar qurilmagani, qurilishi kerak bo‘lgan loyihalar ham paysalga solinib kelinayotgani talabalarning turar joy muammosini avj oldirdi. Keyingi yillarda talabalarga hatto ijara uylar topib berish ham qiyinlashdi. Ushbu muammoni hal qilish maqsadida hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylari qurishga ruxsat berildi.

Samarqandda qancha talabalar turar joylari quriladi?

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchaga ko‘ra, Samarqand viloyatida 2022 yildan 2025 yilgacha 20 ta jami 8000 o‘rinli talabalar turar joylari qurilishi rejalashtirildi. Shundan Samarqand davlat universitetida 5 ta, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti va Samarqand davlat tibbiyot universitetida 3 tadan, Samarqand davlat chet tillar, Samarqand iqtisodiyot va servis institutlari va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida 2 tadan, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali va Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida 1 tadan talabalar turar joylari qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Xo‘sh, bu yil rejada belgilangan qurilishlarning qanchasi amalga oshirildi? Bu yil talabalarning necha foizini turar joy bilan ta’minlay olamiz? Oliy ta’lim muassasalarida turar joyga muhtoj talabalarga qanday amaliy yordam ko‘rsatiladi? Shu kabi savollar bilan viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga murojaat qildik.

“618 nafar talabaning 30 foiz ijara pulini to‘lab berdik”

- Yangi o‘quv yilidan Samarqand davlat universitetida bakalavriatning kunduzgi shaklida tahsil oluvchi talabalar soni 14484 nafarni tashkil etadi, - dedi universitetning talabalar turar joylari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Husniddin Nizomov. – Ammo bizda hozircha ming o‘rinli 3 ta talabalar turar joyi mavjud. Avvalo, uzoq viloyatdan kelgan, o‘tgan yili o‘qishini o‘zining yashash hududiga ko‘chira olmagan talabalarni va kam ta’minlangan oila farzandlarini yotoqxonalarga joylashtiramiz. O‘tgan yilning noyabr oyidan universitetimizda talabalar turar joylari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, unda to‘rt nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Talabalar turar joylari bilan ta’minlay olmagan talabalarimizga Ijara SamDU telegram kanali ochilgan bo‘lib, biz unga ijaraga qo‘yuvchi xonadon sohiblarining e’lonlarini berib boramiz.

Bundan tashqari, ijara shartnomasi asosida istiqomat qiluvchi talabalarning 30 foiz ijara pullarini to‘lab beramiz. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida 618 nafar talabaning ijara pulining 30 foizini to‘lab berdik. Shuningdek, ayni kunda har biri 300 o‘rinli bo‘lgan ikkita davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylari qurilyapti. Ulardan biri yaqinda foydalanishga topshiriladi.

“Mahallalardan 200 ga yaqin ijara manzillari zaxira qilindi”

- Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ikkita talabalar turar joylari mavjud, - dedi universitetining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Alibek Gapparov. - Ulardan 450 o‘rinli 1-son talabalar turar joylari o‘quv yili oldidan joriy ta’mirdan chiqarildi, talabalarni qabul qilishga tayyor.  375 o‘rinli 2-son talabalar turar joyi yangi o‘quv yili oldidan kapital ta’mirlash ishlarining so‘nggi bosqichi yakuniga yetkazilmoqda. Shuningdek, universitetda talabalarni turar joy bilan ta’minlashni muvofiqlashtiruvchi bo‘lim tashkil etilgan bo‘lib, 3 nafar xodim 14 nafar tyutorlar bilan muntazam ishlaydi. Ular tomonidan yaqin hududlardagi mahallalardan ijara manzillari zaxira qilingan. Zaxira qilingan ijara xonadonlari soni 200 taga yaqin bo‘lib, jami 1000 nafarga yaqin talabani qamrab oladi.

Universitetning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oluvchi talabalar soni 4360 nafar bo‘lib, ularning 825 nafari (19 foizi) yotoqxona bilan ta’minlangan.

 Bundan tashqari, 2022 yil 20 iyul kuni davlat-xususiy sheriklik asosida universitetda 500 o‘rinli yangi talabalar turar joyi qurilishi uchun tender o‘tkazilib, unda “Qobil quruvchi servis” MChJ g‘olib bo‘ldi. Bugungi kunda qurilishning loyiha smeta hujjatlari tayyorlanib, keyingi bosqich ishlari olib borilmoqda.

“10 kishidan iborat shtab tashkil etganmiz”

- 1100 nafar atrofida talabamiz bor, ammo bizda talabalar turar joyi mavjud emas, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari Elbek Tog‘aymurodov. – Shu sababli talabalar filialimizga yaqin mahallalarda ijara uylarda istiqomat qilishadi. Biz o‘tgan yildan boshlab talabalarga ijara xonadonlari topib berishga ko‘maklashyapmiz. Buning uchun 10 kishidan iborat shtab tashkil etganmiz. Shtab a’zolari yil davomida talabalarning ijara xonadonlarida yaratilgan shart-sharoitlarni ham o‘rganib boradi. Talabalar asosan Oqdaryo tumanidagi Dahbed, Bozorjoy, Paxtaobod mahallalarida va Qorasuv massivida istiqomat qilishadi.

- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida bitta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, yaqinda joriy ta’mirdan chiqarildi, - dedi filialning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari Hasan Turdibekov. - Talabalar turar joyi 180 nafar talabaga xizmat ko‘rsatadi. Unda talabalar uchun darslik, badiiy kitoblar, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar mavjud bo‘lib, 40 kishi uchun mo‘ljallangan o‘quv zaliga ega. Talabalar yotoqxonasiga kam ta’minlangan oila farzandi, boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oila a’zosi, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lganlar (chin yetim), oilasida ikki va undan ortiq to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi talaba, “Temir daftar”ga tushgan oila farzandi, uzoq viloyatlardan kelgan talabalarni joylashtiramiz.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 563-sonli qaroriga asosan, filialda 2024 yilda 400 o‘rinli davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.

***

Bundan tashqari, Respublika Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarining 60 foiz talabalarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara haqining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda, birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar uchun ijara haqining bir qismi qoplab beriladi.

Hali bu borada bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar va yechimini kutayotgan muammolar bir talay. Faqat mas’ullar talabalarni turar joy bilan ta’minlashda adolat tarozisini to‘g‘ri qo‘ysa, har xil gap-so‘zlar avj olmaydi.

Xurshida ERNAZAROVA.