Talabalarning 10 foizi yotoqxonada yashaydi. Qolganlar-chi?

“Oltin davrim” – ikki yil

Oltin davrga qiyoslanadigan talabalikning qanchalar bebaho ekanligini boshidan kechirgan insongina his qiladi. Oliy o‘quv yurtida to‘rt yil tahsil olgan bo‘lsam, birinchi yil qarindoshimnikida yashaganman. Bu yerda ijara puli olinmasdi. Ertalabki nonushta, kechki ovqat qarindosh hisobidan. Ikkita non ko‘tarib kirsam, “nima, kimdir senga uyda non yo‘q, dedimi, talaba bo‘lsang, faqat o‘qishni o‘ylash kerak bu davrda”, degan dakki eshitardim. Bu yaxshi albatta, ammo baribir xijolat bo‘lardim.

Keyin ikki yil talabalar turar joyida yashadim. Yotoqxona o‘qish, vaqtida dam olishga qulayligi barobarida ovqat pishirish, kir yuvishga ko‘niktirdi.  Shuningdek, talabalar turar joyi ota-onaning, hayotning qadriga yetishga, tartibga o‘rgatdi. Kechki payt biror joyga chiqadigan bo‘lsak, soat 21:00 dan kechikmasdan qaytishimiz shart edi. Aks holda ko‘chada qolardik. Yotoqxona menga juda ma’qul bo‘lgan. Haqiqiy talabalik – oltin davrim shu yerda o‘tgan kunlarim, deb bilaman. Uchinchi bosqichni tugatganimizda yozda boshlangan ta’mirlash ishlari bir yilga cho‘zilib ketdi va talabalikning oxirgi yilini ijarama-ijara, u kvartiradan bu kvartiraga ko‘chib o‘tkazganmiz. Aynan shu masalada hech omadim chopmagan. Qaysi kvartirada turadigan bo‘lsam, o‘sha joyda bir muammo paydo bo‘lardi. Sheriklarim uy egasining talablarini bajarmagani, yo biz turgan kvartiraning sotuvga qo‘yilishi yoki boshqa sabab bilan zudlik bilan xonani topshirishimizga to‘g‘ri kelardi.

Hech esimdan chiqmaydi, bir kvartirada turganimizda egasi quvmadiyam, uyini sotmadiyam, ijara puli ham hamyonbop edi-yu suvaraklar tinchgina yashashga qo‘ymagan.

Bu voqealar 15-20 yil avval bo‘lgan. Bugun-chi? Samarqandlik talaba-yoshlar oltin davrini qayerda o‘tkazyapti? Shu savollarga javob izlashga harakat qildik.

Samarqandda 50 mingga yaqin talaba tahsil oladi

Samarqand oliy ta’lim muassasalari va ularda tahsil olayotgan talabalar soni jihatidan Toshkent shahridan keyingi o‘rinni egallaydi. Viloyatdagi mavjud 9 oliy ta’lim muassasasida 50 ming nafarga yaqin talaba o‘qiydi. Ularni turar joy bilan ta’minlash borasida qator amaliy ishlar olib borilyapti, ammo bu borada muammolar ham talaygina.

Samarqand davlat chet tillar institutida 5 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Ularning 2 ming nafarga yaqini o‘z uyida, 667 nafari institut qoshidagi  2 ta talabalar turarjoyida yashasa, qolganlari ijarada va yaqinlarining xonadonida turadi.

Samarqand davlat tibbiyot institutining 4 ming nafardan ortiq talabasining 1104 nafari institut qoshidagi 3 ta talabalar turar joyida yashaydi. 1245 nafar talaba ijarada turadi. Yaqin orada institutning 800 o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirilgach, o‘quv binosi sifatida foydalanilgan maskanlar qayta ta’mirlanib, 600 o‘rinli talabalar tararjoylari tashkil etiladi.

Samarqand iqtisodiyot va servis institutining 2500 nafardan ziyod talabalaridan 250 nafarigina Dahbet ko‘chasida joylashgan 250 o‘rinli talabalar turarjoyida istiqomat qiladi.

O‘tgan yili tashkil etilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialiga dastlab 225 nafar yigit-qizlar o‘qishga qabul qilingan edi. Ularning 58 nafari Samarqand moliya va iqtisodiyot kollejiga qarashli bo‘lgan talabalar turarjoyida yashagan. 120  o‘ringa mo‘ljallangan mazkur talabalar turarjoyi filialga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan va ayni paytda bino joriy ta’mirdan chiqarilmoqda. 2020-2021 o‘quv yilida esa yana 300 nafar talaba o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Universtitet talabalari uchun 2 ta yangi turarjoy qurilyapti

Samarqand davlat universitetida (2019-2020 o‘quv yilida) 17 ming 994 nafar talaba mavjud bo‘lib, kunduzgi ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotganlar 11 ming 588 nafarni tashkil etadi.

– Hozirgi kunda universitetimizda 1644 o‘rinli 6 ta talabalar turarjoyi mavjud, - deydi universitetning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Davronov. – O‘tgan yil 200 o‘rinli yangi turarjoy qurildi. Xorijdan kelgan professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun bunyod etilgan mazkur binoda zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Ayni paytda esa Samarqand shahar O‘zbekiston ko‘chasida 300 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turarjoyi  binosi qurilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilayotgan mazkur turar joy 2021 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, universitet bosh binosi hovlisida xorijlik talabalar  uchun 70 o‘ringa mo‘ljallangan turarjoy binosi ham 2021 yilda foydalanishga topshiriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, universitet talabalarining 4000 nafardan ortig‘i Samarqand shahrida ijarada yoki qarindoshlarinikida yashaydi.

Janubiy Koreyada boshqacha

Janubiy Koreyada oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan yoshlar birinchi bosqichning yarim yili davomida  talabalar turarjoyida yashashga majbur. Faqatgina muassasa joylashgan shaharda yashovchi talabalarga o‘z uylarida yashab, o‘qishga qatnashiga ruxsat berilar ekan.  Uzoqdan kelib o‘qiydiganlar bu hududdagi sharoitlarga yarim yil davomida ko‘nikma hosil qilgandan keyingina ijarada turishga ruxsat beriladi.

- O‘tgan yil Janubiy Koreyaning Tejon shahrida joylashgan Solbrij xalqaro biznes maktabi (Solbridge International School of Business)ga grant asosida o‘qishga qabul qilingandim, - deydi qo‘shrabotlik Oxunjon Olimov. – Birinchi yarim yil davomida talabalar turarjoyida yashadim. Ikki kishilik xonada fransiyalik yigit bilan turganman. Yotoqxonada barcha imkoniyatlar mavjud. Xojatxona, yuvinish xonasi, dars qilishimiz uchun alohida stol-stul, kitoblar javoni. Shuningdek, dam olish, ovqatlanish uchun ham qulayliklar yaratilgan. Nonushta talabalar turar joyi hisobidan. To‘g‘ri, bu yerning to‘lovi boshqa joy ijara haqidan ko‘proq, ammo birinchi yarim yillikdan keyin ham ko‘pchilik talabalar turarjoyida qolishni istaydi. Bu yerdagi muhitni zamonaviy sharoitlarga ega xonadonlardan topish qiyin. Sababi dunyoning turli davlatlaridan kelgan yoshlar bilan suhbatlashish, bahs-munozaralarga kirishish, til o‘rganish, internet tarmog‘idan foydalanish va boshqa bir qator qulayliklar bilim olaman degan har bir yosh uchun katta imkoniyat.

Turkmanistonlik Aqmurat deydiki...

Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida (2019-2020 o‘quv yilida) tahsil olayotgan 5082 nafar talabadan 801 nafari talabalar turarjoyida, 1423 nafari ijarada, qolganlari esa  o‘z uylarida yashaydi. Talabalardan bir nafari Turkmanistondan, 16 nafari Qoraqalpog‘istondan, 1327 nafari mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan. Institutda 818 o‘ringa mo‘ljallangan 3 ta talabalar turarjoyi mavjudligini hisobga olsak, faqatgina boshqa hududlardan kelib o‘qiydigan talabalarnigina qamrab olishga ham imkoniyat yo‘qligi oydinlashadi.

- Ikki yildan beri shu institut talabalar turarjoyida yashab, o‘qishga qatnayman, - deydi turkmanistonlik Aqmurat Odayev. – Oilasidan uzoqda bo‘lgan musofir yosh yigit-qiz uchun bu juda qulay. Ijarada turish uchun esa bu yerdagidan ikki-uch barobar ko‘p to‘lov qilinadi. Bundan tashqari har kimning uyi har xil. Biri xavfsizlik talablariga javob beradi, ikkinchisi esa yo‘q. Talabalar turarjoyida har bir kishi uchun bir xil sharoit. O‘zbekistonlik ikki o‘rtog‘im bilan uch kishilik xonada turamiz. Ular bilan aka-ukadek bo‘lib ketganmiz. Sharoitlar yaxshi. Turkmanistonda Jemagat xo‘jaligi instituti talabalar turar joyi bilan tanishganman. Bu yerdagidan farqli jihati, zamonaviy jihozlangan alohida kir yuvish va dazmollash xonalari mavjud bo‘lib, maxsus ishchilar xizmat ko‘rsatadi.

Talabalarni ijaraga qo‘ygan “tadbirkor” soliq to‘layaptimi?

Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalarida, kollej va litseylarda boshqa hududdan kelib ta’lim oladigan talaba va o‘quvchi yoshlardan qayerda yashashini so‘rasangiz, aksariyati ijarada turishini aytadi. Ular ijarada turadigan xonadonlarning asosiy qismida talabalar uchun yetarli sharoit mavjud emasligi ham haqiqat. Boz ustiga yoshlarni ijaraga qo‘yib oyiga mo‘maygina daromad qiladigan fuqarolar shartnoma tuzganligi va shu asosida soliqlarni to‘lab kelayotgani amrimahol.

– Viloyat bo‘yicha 3095 nafar fuqaro turarjoyini shartnoma asosida ijaraga bergan va to‘lovlarni amalga oshirib keladi, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari Davron Ravshanov. – Ko‘pincha ijara shartnomasi tuzish uchun harbiylar soliq idorasiga kelishadi. Ammo viloyatda qanchadan-qancha oilalar ijara asosida yashaydi, shu jumladan talabalar ham. Xonadonlarini ijaraga beruvchi aksariyat uy egalari shartnoma tuzmagan.  Yana bir tomoni, ijarachi tomonidan uyiga zarar yetkazilsa, uni undirib olishning huquqiy imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, ijarachilar o‘quvchi yoki talaba yoshlar bo‘lsa, ularning yurish-turishiga, tartib-intizomiga,  dars qilish va dam olishi uchun sharoit yaratishga ijaraga beruvchi mas’uliyatliroq bo‘larmidi?! Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchiman, turarjoyini shartnoma tuzmasdan ijaraga berish fuqaroga bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobaridan 10 barobarigacha miqdorda jarimaga solishga olib keladi.

Yoshlar agentligi nima deydi?

Bugungi kunda Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlarning bor-yo‘g‘i 10 foizigina talabalar turarjoylarida yashab kelmoqda.

– Bu masala nafaqat viloyatning olis tuman va shaharlaridan, balki boshqa viloyatlardan, qo‘shni davlatlardan kelib ta’lim oluvchi yoshlar uchun ham ko‘pgina noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. - Turarjoyga ehtiyoj yuqoriligi sabab talabalar xonadonlarda turishi uchun ijara pullari ham oshib ketgan. Shuningdek, ijarada yashovchi talabalarning ko‘pchiligi sanitariya talablariga javob bermaydigan uylarda turishi, xonadon egalari tomonidan ijara shartnomalarining tuzilmasligi ham muammo. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida bo‘shab qolgan kasb-hunar kollejlarining yotoqxonalari oliy ta’lim muassasalariga foydalanish uchun berilsa, yaxshi bo‘lardi. To‘ylarimizning ixchamlashishi tufayli bo‘shab qolgan bazmgohlar talabalar turar joylariga moslashtirilsa, bu yoshlar uchun ham, tadbirkor uchun ham foydali bo‘ladi, bizningcha. Talabalarni ijaraga qo‘yish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xonadonlarni ham mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari hamda profilaktika inspektorlari tomonidan doimiy monitoring qilib borish, ularning elektron bazasini shakllantirish zarur.

Ijarada turadigan yoshlarning ko‘pchiligidan talabalar turarjoyida yashash istagi bor yoki yo‘qligi haqida so‘raganimizda barchasidan bir xil “albatta, bor”, degan javob oldik.

Ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarimiz uchun munosib imkoniyatlar yaratish muhim masala. Ularning zamonaviy sharoitlarga ega talabalar turarjoylaridan foydalanishga haqqi bor, albatta. Buning uchun oliy ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari va boshqa mutasaddilar davlat-sheriklik asosida talabalar turar joylari qurishga kirishishi lozim. Shundagina talabalar yetarli sharoitlarga ega bo‘lmagan, qishda sovuq, yozda issiq bo‘ladigan, suvaraklar bosgan xonadonlarda yashamas edi. Ularning ota-onasi peshona teri bilan topgan pullar noqonuniy ijara xizmati bilan shug‘ullanadigan kishilar cho‘ntagiga emas, xususiy bo‘lsa-da, qonuniy xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy talabalar turarjoylarining kassalariga tushardi.

To‘lqin SIDDIQOV,

                “Zarafshon” muxbiri.