Ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash yuzasidan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi

Joriy yilning 25 may kuni Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Senatning navbatdagi yalpi majlisiga kiritilgan masalalar ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yil yakunlari va 2021 yilning birinchi choragi yakunlari yuzasidan Moliya vazirligi mas’ullarining hisoboti eshtildi.

Tadbirda ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashdagi dolzarb muammolar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovini yuborish senatorlar diqqat markazida bo‘ldi.

Qo‘mita tomonidan ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida o‘tkazilgan o‘rganishlar hozirda nafaqat o‘rta, balki oliy ma’lumotli yoshlar bandligini ta’minlashda ham hal qilinishi zarur bo‘lgan ayrim masalalar borlgini ko‘rsatdi.

Respublikamizda 2021 yil 1 yanvar holatiga mavjud bo‘lgan 19,1 mln nafar mehnat resursining 14,8 mln nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Shundan 13,2 mln nafari o‘z ish-joyiga ega, 1,6 mln aholi bandligini ta’minlash talab etiladi. Ulardan  805,2 ming kishidan ortig‘i 16-30 yoshdagi ishsizlardir.

Shuningdek, mehnat bozoriga 2021 yilda jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Ya’ni, oliy ta’lim muassasalarini 103,1 mingdan ortiq, umumta’lim maktablarini 440 mingga yaqin, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini 18 mingdan ziyod yoshlar tamomlaydi. Natijada 2021 yilda yoshlar bandligini ta’minlash uchun ehtiyoj 1 365,2 ming nafarni tashkil qiladi.

Respublikada 131 ta OTMda bakalavriatda 134 ta ta’lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil qilingan. Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2030 yilga qadar 50 foizga yetkazish belgilangan.

2020 yilda respublikada jami band bo‘lganlarning 82 foizi yoki 11,1 mln. nafar aholi xususiy sektorda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’yektlari va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida maqsadli kadrlar tayyorlash, kadrlarga buyurtma berish tizimida bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini anglatadi.

Senatorlar bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalasida ilg‘or xorijiy davlatlardagi ijobiy tajribalarni ham o‘rganish zarurligini ham ta’kidladilar. Xususan AQSh universitetlaridagi “Rekruting markazlari”, Yaponiyadagi “umrbod bandlik tizimi”, Finlyandiyaning har bir oliy ta’lim muassasasi tarkibidagi maxsus bandlik xizmati, Qozog‘istondagi “Diplom bilan qishloqqa” kabi dasturlarni ham o‘rganish maqsadga muvofiqligini ta’kidladilar.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasida hukumatga Parlament so‘rovi kiritish yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Bundan tashqari majlisda Joriy yil oromgohlarda bolalar dam olishini mazmunli tashkil qilish, u yerda bolalarni besh muhim tashabbusga hamda chet tillarni o‘rganishga keng jalb etish masalalari ham muhokama etildi.

Bu yilgi yoz mavsumi davomida 1 ming 545  ta statsionar turdagi oromgohlar va sog‘lomlashtirish maydonchalarida jami 261  ming 608  nafar bolani dam oldirish rejalashtirilgan.

Oromgohlarda bolalar dam olishini mazmunli tashkil qilish, u yerda o‘g‘il-qizlarni beshta muhim tashabbusga keng jalb etish, xorijiy tillarni o‘rgatish kabi masalalari yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, ijrochilarga yetkazish belgilandi.

Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.