Ta’lim platformasi yangi o‘quv yili uchun yanada takomillashtirildi
Mart oyida mamlakatimizda karantin qoidalari joriy etilib, vaziyat taqozosiga ko‘ra, aprel oyidan barcha oliy ta’lim muassalari masofadan o‘qitish tizimiga o‘tkazildi. Dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida allaqachonlar bu tizim muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asining o‘nlab oliy o‘quv yurtlarida bu shakl eng ilg‘or va zamonaviy deb tan olingan. O‘quv yilining so‘nggi semestrini shu taxlit yakunladik, imtihonlar masofaviy shaklda onlayn topshirildi, diplom ishlari himoyasini ham shunday o‘tkazdik. Bu jarayonlarga bizda bir necha yillardan buyon tayyorgarlik ko‘rilardi. Pandemiya bu jarayonlarni tezlashtirdi va barcha oliy ta’lim muassasalarida bu ish bir paytda va shoshilinch tarzda amalga oshirildi.
Yozgi ta’til davomida kamchilik va xatolarimizni o‘rgandik, tahlil qildik, mutaxassislarning, talaba-yoshlarning fikrlari, mulohazalari va xulosalari bilan tanishdik, qolaversa, samarali usullar ustida ishladik. Shu asosda yangi modul platformasiga o‘tishga qaror qilindi. Eski platformadagi barcha jamlangan ma’lumotlar, ma’ruzalar, laboratoriya ishlari, video va boshqa zaxiralar yangisiga o‘tkazildi, takomillashtirildi.
Bu jarayonda kamchilik va xatolarimizni yaqqol angladik. Ammo oldimizda yana bir muammo paydo bo‘ldi: eski platformada bir narsani inobatga olmagan ekanmiz. Ya’ni, har bir o‘qituvchining dars o‘tish uslubi bor, ularning mashg‘ulotlari boshqa o‘qituvchinikidan ajralib turadi. Yangi modul platformasida barcha jihatlar e’tiborga olinib, darslar talabalar uchun yanada qiziqarli va samarali bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Hozirda har bir o‘qituvchi o‘zining fanini o‘zi kuzatib boradi, har bir dars-mashg‘ulotda o‘qituvchi yangilik kiritib borishi talab etiladi. Har bir kafedraga nechta fan, qancha dars soati qo‘yilgan bo‘lsa, darslarini videoma’ruzalar va turli ko‘rgazmali o‘quv qurollari vositasida olib borish lozim. Darslar laboratoriyada o‘tkazilib, biror hayvonni ko‘rsatgan holda ma’ruza qilinadigan bo‘lsa, demak shunday qilish kerak.
Platforma talab darajasida takomillashtirildi. Yuqorida aytilgan fikrlar 2 dan 4 kursgacha bo‘lgan bakalavriat va 2 kurs magistrlar uchun joriy etilgan bo‘lsa, 1 kurslar uchun yanada takomillashtirilgan tizim yaratildi.
Birinchi kurslarda kredit modul tizimi joriy etilyapti. Respublikamizning 35 ta oliy ta’lim muassasalarida bu tizim amalga oshiriladi. Ular orasida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti ham bor. Bu ishni tashkil etishda bizga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Rektorlar kengashi yaqindan yordam bermoqda. Tizimga o‘tishning shart va talablari, jahondagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Faqat o‘zimizgagina xos bo‘lgan jihatlar tahlil etildi va shu asosda o‘zimizning o‘quv rejamizni tayyorladik. O‘quv rejasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi o‘quv yili uchun jamoamiz bilan birgalikda ancha mehnat qilindi. Buning samarasi o‘quv yili davomida o‘z samarasini beradi, deb umid qilaman.
Xudaynazar YuNUSOV,
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori.