Ta’tilda videodarslar orqali o‘quvchilarning bilim olishi ta’minlanadi

O‘quvchilar ta’til paytida bilim olishlari uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallar bilan birga o‘quv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashg‘ulotlarini televizion efirga uzatish uchun videodarslar tasvirga olinadi hamda efir vaqtlari ajratilishi rejalashtirilgan.

Mazkur videodars mashg‘ulotlarini tayyorlash va uni tasvirga olish bo‘yicha soha xodimlaridan iborat tashkiliy-ijodiy guruh tuzish ishlari olib borilmoqda.

Videodarslar tayyor bo‘lganidan keyin televideniye va Xalq ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari (@uzedu) va rasmiy veb-saytlarida (www.uzedu.uz), elektron axborot portallari (online maktab) orqali ham namoyish etib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan ta’tilni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha quyidagilar tavsiya qilinadi.

Har bir sinfda o‘tiladigan fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar o‘zlarining  taqvim mavzu rejalarini ko‘rib chiqadi va ta’tilga qadar o‘tilishi kerak bo‘lgan yangi mavzular qolgan bo‘lsa, ularni o‘quvchilar uylarida darsliklardan mustaqil ravishda o‘rganib olishlari bo‘yicha tushuntirish beriladi.

O‘quvchilarga ta’til vaqtida:

matematika, fizika, kimyo kabi asosiy fanlardan mustaqil ravishda misol va masalalar yechish;

o‘qish, odobnoma, adabiyot va tarix fanlaridan mavzularni mustaqil ravishda va ota-onalari bilan birgalikda o‘qish, mavzular haqida oilada o‘zaro suhbatlashish va fikr almashish;

xorijiy tillardan mustaqil ravishda lug‘atlar yodlash;

qo‘shimcha ravishda badiiy kitoblar o‘qish;

10-11-sinf o‘quvchilariga kelgusida kirmoqchi bo‘lgan oliy o‘quv yurtining yo‘nalishiga qarab tegishli fanlardan qo‘shimcha tayyorlanish, ayniqsa, barcha OTMlarga kirishda majburiy bo‘lgan O‘zbekiston tarixi, matematika va ona tili fanlarini takrorlash;

ta’limiy elektron resurslardan (Khan Academy, Edu Market kabi resurslar) ko‘proq o‘rganish tavsiya etiladi.

O‘quvchilar qo‘shimcha ta’tilga chiqqan muddatlarda maktab pedagogika jamoasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Sinf rahbarlari va fan o‘qituvchilariga qo‘shimcha ta’til vaqtida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan telefon orqali yoki messenjerlar yordamida bog‘lanish, ularga qo‘shimcha tavsiyalar berib turish vazifasi yuklatiladi.