​​​​"Terak"da qotillik: janjal sabab bir inson umri xazon bo‘ldi

30 aprel kuni Urgut tumanining “Terak” mahallasida sodir bo‘lgan mudhish hodisa butun tuman ahlini seskantirib yubordi.

Voqea bunday bo‘lgan edi: shu mahallada yashovchi fuqaro S.P., O.K. rahbarligidagi dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 0,50 gektar yer maydonining 0,20 gektariga tok ko‘chatlari ekadi. Ammo xo‘jalik rahbari bu ish o‘zboshimchalik bilan qilingan, deb hisoblab tokni buzib tashlaydi.

Oqibatda o‘zaro janjal kelib chiqadi. Janjal davomida g‘azablangan S.P. yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan O.K.ning bo‘yin sohasiga bir marotaba urib, qasddan o‘ldiradi.

Mazkur qotillik yuzasidan tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ushbu jinoyat ishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.

3 may kuni ushbu jinoyat holati "Terak" mahallasida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, mahalla faollari, imom-xatiblar, mahalliy ommaviy axborot vositalari, marhum va ayblanuvchining yaqin qarindoshlari ishtirok etdi. 

Muhokama davomida bu jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganildi, holat har tomonlama tahlil qilindi. Kelgusida bu kabi boshqa jinoyatlarning oldini olish maqsadida tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.