Termiz: Samarqand qo‘rg‘onidagi hayratlar
Termiz shahrida o‘tkazilayotgan I Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga samarqandliklar ham o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rishgan. Axir, kimsan Samarqand dostonchilik maktabi namoyondalari Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li kabi baxshilarning izdoshlari ularning sharafini, orini himoya qilish uchun astoydil harakat qilishmoqda.
Festival o‘tkaziladigan bog‘da Samarqand hududi aynan samarqandliklarga xos uslubda mehr bilan bezatilgan. Uch tomonda uch darvoza: Registon maydonidagi Sherdor hamda Mirzo Ulug‘bek madrasalari va Samarqand darvozalari maketi mahobat to‘kib turibdi. Hatto, Samarqand dostonchiligida shuhrat qozongan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom va Po‘lkan shoirlarning haykallari kelganlarni kulib qarshi olmoqda.
Paxsa uychalarda kulolchilik buyumlari, qo‘l mehnati asosida to‘qilgan ipak va jun gilamlar, Urgut choponlari, mashhur Samarqand qog‘ozlariyu zardo‘zlik namunalari, qo‘g‘irchoqlar, bejirim yog‘och o‘ymakorligi namunalari birin-ketin taxlangan. O‘tovlarda esa kashtalar, bir-biridan rang talashgan so‘zanalar ilib chiqilgan.
Samarqandda bittagina zardo‘z yigit
Bu yerda Samarqand tumani “Quyi Haymar” mahallasida yashovchi zardo‘z yigit Shavkat Zohidovni uchratdik.
- Zardo‘zlikni onam Zulayho Rustamovadan o‘rganganman, - deydi zardo‘z hunarmand. - Bu hunar bilan oilaviy shug‘ullanamiz. Men beshinchi avlod vakiliman. Ochig‘i, zardo‘zlik o‘ta mashaqqat va sabr-toqatni talab etadigan hunar. Buning uchun kishida kuchli ishtiyoq ham bo‘lmog‘i zarur. Bugungi kungacha ushbu hunarning zamindo‘z, shakardo‘z, guldo‘z va qubbado‘z kabi tikish usullarini puxta o‘rgandim. Ular asosida miniatyuralar, portretlar ustida ishlab, turli kompozitsiyalar yaratyapman. Oilamiz bilan birga 11 yildan buyon “Tashabbus” ko‘rik-tanlovlarida, shuningdek, ko‘plab xalqaro ko‘rgazma va festivallarda ishtirok etyapmiz. Yaqinda Gretsiyada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kunlarida ham qatnashib keldim.
Chitgarlik haqida eshitganmisiz?
Hoynahoy, chitgarlik, ya’ni paxta yoki ipakdan to‘qilgan matolarga o‘yma yog‘och qolip yordamida qo‘lda gul bosish hunari haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Chitgarlik san’ati qadimiy tarixga ega.
Matoga gul bosish texnologiyasi sirtdan oddiy ko‘rinsa-da, aslida bu sermashaqqat va zahmatli ishdir. Bu jarayonda usta qolipdagi gullarni bir-biriga moslash orqali favqulodda nafis shaklu shamoyillar hosil qiladi. Ammo bugun bu qadim an’ana bilan respublikamizda sanoqli hunarmandlar shug‘ullanadi. Ulardan biri Vladimir Ahatbekovdir.
-Chitgarlikning vatani Hindiston hisoblanadi, - deydi chitgar hunarmand Vladimir Ahatbekov. - Bu usul keyinchalik hind diyorida Xitoyga, undan Buyuk Ipak yo‘li orqali G‘arbga — Yevropa hamda Shimoliy Afrika mamlakatlariga tarqalgani taxmin qilinadi. Qadimda esa mintaqa O‘rta Osiyo xalqlari gul bosilgan chitdan dasturxon, joynamoz, parda, palak, ko‘rpacha, belbog‘, choyshablar tikishda foydalanishgan. Matoga gul bosishda maxsus qoliplardan hamda tabiiy usulda tayyorlangan ranglardan foydalaniladi. Qoliplarni yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanuvchi ustalar yasab berishadi.
Mustaqillik tufayli O‘zbekistonda bir nechta xalqaro tashkilotlarning ko‘magi bilan yo‘qolib borayotgan ushbu san’at turi ham qayta tiklandi. Xususan, Samarqand va Buxoroda chitgarlik ustaxonalari tashkil etildi. Men besh yildan buyon ushbu hunar bilan shug‘ullanaman. Men yaratgan namunalarga YuNESKO tomonidan maxsus sifat sertifikati ham berilgan.
Chindan ham hunarmand tomonidan gul bosilgan ro‘molu palaklarni ko‘rib bu nafis san’at asarining inson qo‘li bilan yaratilganidan hayratga tushasiz. Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tashrif buyursangiz, siz ham mana shunday noyob hunarmandchilik turi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Tayloqning ipak gilamlari
Tayloqlik gilamdo‘z Inoyat Narziyeva tomonidan to‘qilgan ipak va jun gilamlarning nafis ranglari va gullari ham bir pas xayolingizni olislarga o‘g‘irlaydi. Zamonaviylik va milliylik uyg‘unlashgan gilamlarning bari tabiiy bo‘yoqlarda bo‘yalgan iplarda to‘qilgan. 17 yildan beri ushbu hunar bilan shug‘ullanib kelayotgan mohir gilamdo‘z o‘z mahsulotlarini bugun Yevropa davlatlariga eksport qilmoqda.
“Mehmonlarga Samarqand nonlaridan ulashyapmiz”
- Har kuni Samarqandning suviga qorilib, havosiga to‘yintirilgan nonlarning 47 turidan keltirib, mehmonlarga ulashyapmiz, - deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. - Ular arpa, bug‘doy hamda makkajo‘xori unidan tayyorlangan bo‘lib, ayniqsa, piyozli, go‘shtli, chandir patirlar festivalga tashrif buyurganlarga ma’qul bo‘lyapti.
Bundan tashqari, festival kunlarida Samarqand viloyat musiqali drama teatri tomonidan sahnalashtirilgan “Mirzo Ulug‘bek” spektaklidan parcha, Amir Temur bobomizning xorijiy elchilarni qabul qilish voqealaridan chiqishlar namoyish qilinadi. O‘ylaymanki, ular festival ishtirokchilariyu unga tashrif buyurgan mehmonlarga manzur bo‘ladi.
Feruza RAHMONQULOVA,
Ikrom AMIRQULOV (suratchi),
“Zarafshon” uchun maxsus tayyorlandi.