Test sinovlari qachon va qayerda o‘tkazilishini qanday bilish mumkin?

– Oliy ta’lim muassasasida o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tdim. Test sinovlari qachon va qayerda o‘tkazilishini qanday bilsam bo‘ladi?

Fayoz Haydarov,

Oqdaryo tumani.

– 2019-2020 o‘quv yili uchun joriy yilning 29 iyulidan 13 avgustiga qadar o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish istagini bildirgan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari va Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tganlaridan so‘ng ularning har biriga Davlat test markazining dtm.uz saytida shaxsiy kabinet ochildi. Abituriyentlar shu shaxsiy kabinet orqali o‘zlari uchun kerakli ma’lumotlar, xususan, test sinovlariga kirish uchun ruxsatnoma olishi mumkin.

Shuningdek, bu yilgi test sinovlarini o‘tkazishda oliy ta’lim muassasalari navbati bilan qamrab olinmaydi, balki imtihon yo‘nalishlar kesimida olib boriladi. Abituriyent qaysi yo‘nalishda tahsil olish istagida ariza topshirgan bo‘lsa, bu haqda shaxsiy kabineti orqali ma’lumot olib, belgilangan joyga ko‘rsatilgan vaqtda kelishi kerak bo‘ladi.

Darvoqe, abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida uchta yo‘nalishni tanlagan bo‘lsa-da, ular bir marta test topshiradi. 

Nosir Eshonqulov,

Davlat test markazining

Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i.