Test sinovlari iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tadi

Mamlakatimiz rahbarining 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va ahamiyatini jamoatchilikka tushuntirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan brifing tashkil qilindi. 

Mazkur qarorga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi. Kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tadi.

– 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo‘limga ajratiladi, – deydi Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov. – Birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi. Yana bir muhim ma’lumot: 

abituriyentlarni shu paytgacha qiynab kelayotgan masalalardan biri DTM ruxsatnomalarini qay vaqtda olishi edi. Bu yildan abituriyent DTM ruxsatnomalarini bevosita Davlat test markazi saytidan foydalanib, o‘ziga tegishli ruxsatnomani yuklab olishi mumkin.

Test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etish uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Abituriyentning test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. 

 

M.Toshqorayeva, O‘zA