Test sinovlari o‘tkaziladigan ob’yektlar xizmatga tayyormi?

2020-2021 o‘quv yili qabuli test sinovlarida foydalanish uchun Samarqand shahridagi Dahbed, Rudakiy va Ibn Sino ko‘chalari kesishmasida joylashgan SamDU akademik litseyi sport zali, sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport majmuasining 4 ta sport zallari hamda Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kolleji sport zallari tanlab olingan.

Ushbu sport majmualarida o‘tgan yillarda ham test sinovlari tashkil etilgan bo‘lib, bir smenada 102 guruhda 3060 nafar abituriyent test sinovlarini topshirgan bo‘lsa, bugungi pandemiya karantin qoidalarini e’tiborga olgan holda (har bir abituriyentga 3 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan) bir smenada 71 ta guruhga 2130 nafar abituriyentga mo‘ljallangan binolarning reja-chizmalari ishlab chiqilib, abituriyentlar hamda nazoratchilar uchun yetarli sondagi stol-stullar bilan ta’minlandi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan har bir binoni tayyorlashda, hududga va binoga kirishda dezinfeksion tunnellar o‘rnatish, yorug‘likning tushishi, binoni shamollatish, abituriyentlarni tik tushgan quyosh nuridan himoyalash imkoniyatlari hisobga olinadi.

Bugungi kunda Samarqand viloyati bo‘yicha jami 6 ta binoda 71 ta guruh uchun 360 grabusga aylanuvchi va har bir guruh uchun videokuzatuv kameralari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Test sinovlari o‘tkaziladigan hududda Davlat test markazi bosh shtabi, tibbiyot punktlari uchun xonalar ajratilgan va ularni jihozlash viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Abituriyentlarni yetarli mikdorda (0,5 litr) ichimlik suvi va ruchkalar, karantin qoidalariga ko‘ra, maska va qo‘lqoplar bilan ta’minlash, abituriyentlarning to‘planish joylarida soyabonlar tashkil etish, test sinovlari jarayoni bilan bog‘liq bannerlarni tayyorlash bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

2020-2021 o‘quv yili qabuli uchun o‘tkaziladigan kirish test sinovlariga 458 nafar guruh nazoratchiligiga nomzodlar uchun 2020 yil 2-6 iyun hamda 9-12 iyun kunlari onlayn seminar mashg‘ulotlari tashkil qilindi.

Hozirda o‘quv-seminarlar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlar va suhbat natijalari asosida nomzodlarni saralash ishlari olib borilmoqda.

Viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov hamda viloyatdagi barcha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda 2020-2021 o‘quv yili qabuli test sinovlarini o‘tkazishga jalb qilinayotgan binolarning jarayonga tayyorgarlik holati o‘rganildi. O‘rganish jarayonida kirish test sinovlari jarayoni uchun rejalashtirilgan binolarda joriy ta’mirlash, mukammal ta’mirlanayotgan binolarda qurilish-ta’mirlash ishlarini iyun oyining oxirigacha yakunlash, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha barcha mas’ul idora vakillariga topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda test sinovlari o‘tkaziladigan hududda obodonlashtirish, binolarning ichki va tashqi qismlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Vohid SIRLIBOYeV,

DTM Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.