Tog‘ning egasi yo‘qmi?
Butun dunyodagi kabi yurtimizda ham tabiatni muhofaza qilishga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada tegishli qonunlar, qonunosti hujjatlar qabul qilingan. Ammo ular ijrosi hamma joyda ham ko‘ngildagidek emas. Shu kecha-kunduzda tog‘larimizga chiqqan kishi ayanchli manzaraning guvohi bo‘ladi. Ilgari ko‘zni quvontirib turgan lolazor, andiz, kovrak, na’matak, do‘lana, tog‘olcha va boshqa dorivor giyohu buta-daraxtlar keskin kamayib ketgan. Nazoratsizlikdan hatto xarsang toshlar ham omon qolmayapti. Atrofni sayroqi qushlar ovozi emas, bolta, gurzi shovqini egallagan.
…O‘tgan yili bir yumush bilan Jom qishlog‘iga tog‘ daralari oralab borishimga to‘g‘ri keldi. Ibrohim ota qishlog‘i bulog‘i boshidan Jom qishlog‘iga borgunimcha tog‘ toshini gurzi bilan maydalab, mashinalarga ortib ketayotgan 10-15 guruh kimsalarga duch keldim. Salom-alik, hormang-bor bo‘ling bahonasida ular bilan suhbatlashib tabiatni oyoqosti qilish qonunga xilof, gunoh ekanligini tushuntirmoqchi bo‘ldim.
– Nima qilaylik? – dedi biri. – Biz ham yashashimiz kerak. Ish yo‘q. Tuman hokimiga yetti-sakkiz kilometr pastlikda Eski Anhor kanali yoqasidan 10-15 sotix yer bering, tomorqali bo‘laylik deb murojaat qildik, inobatga olmadi.
Kim biladi, tog‘ni vayron qilayotganlar haqdir. Lekin kishini boshqa narsa – loqaydlik, mas’uliyatsizlik o‘ylantiradi. Mahalla-ko‘y, tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari nega tabiatni g‘orat qilishga jim qarab turishibdi? Nima, Nurobodda tog‘larning egasi yo‘qmi?
Fayzi bobo TOShPO‘LATOV,
faxriy o‘qituvchi, Nurobod tumani.