Tolibon o‘zbek tilini rasmiy maqomidan mahrum qildi

Tolibon Afg‘oniston uchun yangi boshqaruv tizimini o‘rnatgan va qonun hujjatlarida ilgari mustahkamlangan uchta til o‘rniga ikkita rasmiy tilni qoldirgan vaqtinchalik qonun chiqardi. Hujjat RIA Novosti agentligiga harakatdagi manba tomonidan yuborilgan.

"Asoslar" deb nomlangan qonunda Afg‘onistonning rasmiy dini - Hanifat mazhabining sunniy islomi, shuningdek, uning rasmiy tillari - pushtu va dariy, deb ko‘rsatildi. Avvalroq Afg‘onistonda yuqorida zikr etilgan tillar bilan bir qatorda o‘zbek tili ham rasmiy maqomga ega bo‘lib, unda shimoliy viloyatlarning ko‘plab aholisi so‘zlashadi. Qolaversa, mamlakatda hazoriylardan tashkil topgan katta shia jamoati mavjud.

Hujjatga ko‘ra, Afg‘onistonda islom huquqshunoslari kengashi va tarkibiga har bir viloyatdan siyosatchi, olim va ruhoniylar kirgan oliy kengash tuziladi.

Ijroiya hukumat boshlig‘i – fuqarolar va oliy kengash a’zolari saylagan prezident bo‘ladi. Saylovning shaffofligini ta’minlash uchun saylov komissiyasi tuziladi. Agar oldingi hukumat davrida Afg‘oniston Milliy assambleyasi vakillari deputatlik daxlsizligiga ega bo‘lgan bo‘lsa, yangi hukumat davrida ular bundan mahrum etilgan, deyiladi qonunda.

Qayd etilishicha, ingliz, rus va amerikaliklardan mustaqil bo‘lgan kun - bayram kuni deb belgilandi.

6 sentyabr kuni Tolibon Afg‘onistonning 34 viloyatining oxirgisi bo‘lgan Panjshirni janglar bilan o‘z nazoratiga oldi. Ertasi kuni Afg‘oniston muvaqqat hukumatining tarkibi e’lon qilindi. Unga Tolibonning avvalgi hukmronligi davrida tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va 2001 yildan beri BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan Muhammad Hasan Oxund boshchilik qildi.