Tolibonlar hujumi oqibatida yigirmaga yaqin Afg‘oniston qurolli kuchlari vakili halok bo‘ldi
Afg‘onistondagi “Tolibon” (O‘zbekistonda taqiqlangan) harakati uyushtirgan hujum oqibatida yigirmaga yaqin mamlakat qurolli kuchlari vakili halok bo‘ldi. Bu haqda 30 mart kuni Afg‘oniston Mudofa vazirligi va mahalliy OAV xabar berdi.
Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, hujumlarning biri mamlakatning janubida joylashgan Zabul viloyatida amalga oshirilgan. Jangarilar dushanbaga o‘tar kechasi harbiy blokpostlardan biriga hujum uyushtirgan, otishmalar oqibatida 6 nafar askar halok bo‘lgan va bir nechta jangari yo‘q qilingan.
Shuningdek, 1TV telekanali mahalliy hukumat bergan xabarga tayanib mamlakatning shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan Taxar viloyatida 13 nafar politsiya xodimining qurbon bo‘lganligi haqida xabar berdi. Ular ham dushanbaga o‘tar kechasi tolibonlar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida qurbon bo‘lgan. Bundan tashqari, yana 6 nafar huquqni muhofaza qilish idoralari xodimi jarohatlangan.
Tinchlik o‘rnatishga bo‘lgan sa’y-harakatlarga qaramasdan, Afg‘oniston hukumati kuchlari va “Tolibon” harakati o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Joriy yilning fevral oyi oxirida Qatarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 18 yildan ortiq davom etgan urushdan so‘ng AQSh va “Tolibon” o‘rtasida dastlabki tinchlik bitimi imzolangan edi. Bitimda 14 oy ichida Afg‘oniston hududidan xorij harbiylari olib chiqib ketilishi va mart oyida asirlar almashinuvi amalga oshirilgandan keyin afg‘onaro muzokaralar boshlanishi nazarda tutilgan.