"To‘rtinchi sektor"da kambag‘allarga e’tibor qanday bo‘lyapti?
Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siridan aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida tegishli yordam choralari ko‘rilmoqda.
Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i rahbarlik qilayotgan 4-sektor hududida bu borada aholi bandligini ta’minlash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Pandemiya davrida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolari oilaviy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalariga va boshqa turli ishlarga jalb qilindi. Doimiy daromad manbai yaratilgan 1290 oila kambag‘allar ro‘yxatidan chiqarilgan.
O‘tgan o‘n kun davomida o‘tkazilgan qayta o‘rganish natijasida 915 oila ehtiyojmand ekanligi aniqlangan.
Ana shunday o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, viloyatdagi 4-sektor hududida 7 ming 794 oila “Temir daftar”ga kiritilgan. Yaqinda ushbu oilalarning har bir a’zosiga 220 ming so‘mdan moddiy yordam puli tarqatildi.
Samarqand tumani Qavchinonibolo mahallasidagi To‘ti Yakubovaning oilasida 7 kishi yashaydi. Pandemiya sharoitida moliyaviy qiyinchilikni boshidan o‘tkazayotgan oilaning 1 nafar a’zosi nogiron ekanligi sektor ishchi guruhi a’zolarining e’tiboridan chetda qolmadi. Shu bois, mazkur oilaga 1 million 540 ming so‘m naqd pul berildi.
- Sektor nimaligini karantin joriy qilingach bildim, - deydi T.Yakubova. – Keyingi uch-to‘rt oy davomida holimizdan xabar olib turishdi. Davlatimiz rahbari, qo‘li ochiq xalqimiz omon bo‘lsin.
O‘tayotgan hafta davomida 4-sektor hududidagi og‘ir iqtisodiy sharoitni boshidan kechirayotgan oilalarga 7 milliard 976 million so‘m pul mablag‘lari tarqatildi.
Sektor shtabidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Qurbon hayiti arafasida hududdagi 2 ming 263 ta ehtiyojmand oilaga 2 milliard 263 million so‘m naqd pul berilgan.