To‘yda tartib bo‘ladi(mi?)

To‘yga necha kishini aytish mening shaxsiy ishim, deydiganlar adashadi. Respublika miqyosida to‘y qilganlarning 7-8 foizi dabdabaga yo‘l qo‘ygan holda qolgan aholining nafsoniyatiga tegishi qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi? Milliy valyutamizni poyandoz qilib sochish, undan gulchambar yasash, o‘n kishi o‘tirgan stolga 20 kishilik yegulik qo‘yish, turli qimmatbaho sarpolar, poytaxtdan falon pulga san’atkor chaqirish - bizning ma’naviyatimiz shu darajaga kelib qoldimi?

Samarqandda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida yaqinda qabul qilingan hujjat va uning mohiyati yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda mahalla faollari, to‘yxona egalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi G.Alimova, viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, Samarqand shahar hokimi v.b. B.Obloqulov ushbu masala bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

- To‘y masalasini tartibga solish bo‘yicha aholidan minglab murojaatlar kelib tushdi, - deydi G.Alimova. – Ularning aksariyati qachon bu dabdabalarga chek qo‘yiladi, nega bu marosimlarni tartibga solish, qonuniylashtirish paysalga solinayapti kabi savollardan iborat edi. Ozchilik hashamga beriluvchilar uchun minglab yurtdoshlarimiz aziyat chekayotgani holda qanday qilib to‘yni shaxsiy tadbir deb atashimiz mumkin? Umuman, hozir bitta idora anjuman o‘tkazmoqchi bo‘lsa, ko‘plab tashkilotlarning ruxsatini olishi kerak. Minglab kishi ishtirok etayotgan to‘ydagi noxush holatlarga kim javobgar? Qarorda shu masalalar aniq belgilandi va 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi.

Gulruh MO‘MINOVA.