Toyloqda 10 ta mahalla aholisi texnik suvdan iste’mol qiladi

Toyloq tumanidagi 50 mahallaning 12 tasi to‘liq markazlashgan holda ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 28 mahalla aholisi qisman ta’minlangan bo‘lsa, 10 mahalla aholisi texnik suvdan iste’mol qiladi.

- Tumanda istiqomat qiluvchi 205 mingdan ziyod aholining 57 foizi markazlashgan holda toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lib kelmoqda, - deydi "Samarqand suv ta’minoti" MChJ tuman filiali rahbari Isroil Yusupov. - Joriy yilning oxiriga qadar bu ko‘rsatkich 62,6 foizga yetkaziladi. Buning uchun joriy yilda investitsiya va "Obod qishloq" dasturlari asosida 20,4 kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘i tortiladi, 3 ta suv inshooti rekonstruksiya qilinadi. Natijada 5,2 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi.

O‘tgan yili tumanda 23,5 kilometr yangi suv tarmog‘i tortildi.

- Hududimizdagi Ukrach va Eshon qishloqlarida 6200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, - deydi “Ukrach” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Namoz Abdurahimov. – So‘nggi 20 yilda barcha qishloqlarimizdagi ichimlik suv minoralari qarovsiz qolib, tarmoqlar ishdan chiqqan edi. Ko‘pchilik endi suv bo‘lmas ekan, deya quvurlarni ham uzib tashlagandi. 80 foiz xonadonda qo‘lbola “kachalka” va suv nasoslari o‘rnatilib, 7-8 metr yer ostidan suv tortib ichishdi. Keyingi uch yildan beri aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilanmoqda. 

“Samarqand suv ta’minoti” MChJ tuman filiali ishchilari tomonidan mazkur mahalladagi 2 ta suv minorasi, 6,7 kilometr suv tarmoqlari rekonstruksiya qilindi. Joriy yilning o‘tgan davrida yana bitta suv minorasi o‘rnatilib, 600 metr suv quvuri tortildi.

- Mahallamizdagi 186 ta xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, - deydi ukrachlik Muhammad Ahmedov. – Buning uchun 4 ming metr suv tarmog‘i tortish zarur. Hozircha hashar yo‘li bilan 22 million sarflab, suv minorasini ta’mirladik. Ammo suv nasosining kuchi chekka xonadonlarga yetmayapti. Shuning uchun suv ta’minoti tuman filialidan ko‘mak so‘ragandik, yordam beramiz, deb va’da berishdi. 

Tumanda markazlashgan suv bilan ta’minlangan aholi xonadonlarida hisoblagich o‘rnatish ishlari sust kechmoqda. Filialning 8700 nafardan ortiq iste’molchilaridan 1478 tasida hisoblagichlar qo‘yilgan, xolos.

- Aholining suv hisoblagichlarni o‘rnatmasligi katta muammolarga olib kelyapti, - deydi filial bosh muhandisi Siroj Yo‘ldoshev. - Ko‘pchilik suv hisoblagich davlat tomonidan qo‘yiladi, deb o‘ylaydi. Ammo tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’molchilariga bo‘lgan imtiyoz bizga berilmagan. Ya’ni, aholining o‘zi tuman davlat xizmatlari markazidan ro‘yxatdan o‘tib, hisoblagich sotib olishi kerak. Mutaxassislarimiz esa o‘rnatib berishadi. 

Bugungi kunda tumandagi 129 ta suv inshootining 17 tasi yaroqsiz holatga kelib qolgan. 214 kilometr ichimlik suv tarmog‘ining 60 kilometri ta’mirtalab. G‘o‘lba mahallasi Masjid qishlog‘ida hashar yo‘li bilan ichimlik suv inshooti qurilgan bo‘lsa-da, biroq xonadonlarga 1400 metr masofada tarmoq tortilmagan. Tumandagi Xo‘jayuz, Nayman, Vorsin, Shopo‘lot, Zarafshon, Davlatobod, Adas, Do‘stlik, Olmazor va Charog‘bon mahallalaridagi 24 ta ichimlik suv inshooti nasoslari ta’mirlandi. Biroq aholining aytishicha, ularning hammasi ham to‘laqonli ishlamayapti. Davlatobod, Adas, Do‘stlik mahallalaridagi yangilangan suv nasoslari barcha xonadonlarga suv yetkazib berish quvvatiga ega emas. Ayniqsa, o‘tgan asrning 60-70 yillarida tortilgan suv tarmoqlari eskirib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Eng yomoni, markazlashgan suv inshootlari kuniga ikki marta - ertalab va kechqurun bir soatdan ishlatilayotgan ekan. Buni mutasaddilar elektr energiyasidan qarzdorlik oshib borayotganligi bilan izohladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mazkur idoraning tuman elektr tarmoqlari bo‘limidan 634 million so‘mdan ortiq qarzi mavjud ekan. 

Tuman aholisini toza suv bilan ta’minlash bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasida 41 ta loyiha ko‘zda tutilgan. Buning uchun 51,1 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi.

Mazkur loyihalarda mahallalarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bilan birga oqova tizimlarini ham rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2023 yilda Charog‘bon va Bog‘ichinor mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tarmoqlari yangilanib, oqova suv haydash nasos stansiyasi qurilsa, 2024 yilda Sochak massivida 1 ta suv tozalash inshooti qurish va 2 kilometr masofaga suv oqova tarmoqlari tortish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2025-2026 yillarda Bog‘izog‘on va Adas shaharchalarida ham xuddi shunday ob’yektlar qurish mo‘ljallangan.

Dilmurod To‘xtayev.