Toyloqda eksportyor korxonalar Alibaba sayti orqali mahsulotlarini sotishni boshladi

Dunyodagi eng yirik onlayn xaridorlarga ega Alibaba tizimidan yurtimizda ham xususiy tadbirkorlar foydalana boshlagan. Tashqi bozorda yangi xaridorlar topish va eksport hajmini zamonaviy yo‘llar bilan oshirish maqsadida mahalliy hokimliklar ichida esa birinchilardan bo‘lib Toyloq tumani ana shu tizimdan foydalanishni yo‘lga qo‘ydi.

Toyloqda qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar soni oshib bormoqda. Ularning mahsulotlarini eksportga chiqarishda ko‘maklashish tuman hokimligi investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi vazifalaridan biri. Alibaba veb-saytida yaratilgan “TAYLAK DISTRICT COMPANIES” profili ana shu bo‘lim tomonidan tashkil etildi.

Ushbu manzilda fermer xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularning ma’lumotlari joylashtirilib borilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, tumanda ayrim fermer xo‘jaliklari allaqachon mazkur tizimdan foydalanishga o‘tgan. Jumladan, eksportyor korxona "Muzaffarova Shahnoza Nuriddinovna" fermer xo‘jaligi Alibaba saytida Gold supplier a’zolik profilini ochish orqali Braziliya, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlardan yangi hamkorlar topib o‘z mahsulotlarini eksport qilmoqda.

- Birinchidan, jahon bozoridagi yuqori raqobat, ikkinchidan, butun dunyoda murakkab karantin sharoiti, - deydi Toyloq tumani hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Umirzoqov. - Bunday vaziyatda eng chekka tumanda ham yangi-yangi loyihalarni tatbiq qilish shart. Qolaversa, dunyo bozorida savdo-sotiqning eski usullari allaqachon davrini o‘tab bo‘lmoqda. Birgina, Alibaba tarmog‘i 2013 yilda 231 million nafar faol mijozlarga ega bo‘lgan edi. O‘tgan yili esa bu tarmoqda faol xaridorlar soni 636 milliondan, sotuvilar soni esa 10 milliondan oshdi. Tashqi bozorni muntazam kuzatib borish, iste’molchilar qaysi tarmoq va tizimlardan o‘ziga mahsulot izlasa, o‘sha yerda paydo bo‘lib, taklif kiritish orqaligina o‘zimizga joy topa olishimiz mumkin.

Buning uchun endi eksportyor fermerlar ham, biz kabi davlat organlari ham xorijiy tillarda erkin muloqot qilib, zamonaviy bozorning faol ishtirokchisiga aylanishimiz kerak.

Dilshod Umirzoqovga ko‘ra, korxonalar onlayn savdo do‘konlariga joylashtirish orqali eksport geografiyasini kengaytirishning quyidagi imkoniyatlariga ega bo‘ladi:

  • katta bino yoki savdo majmuasini qurish, ijaraga olish kerak bo‘lmaydi;
  • yaxshi loyiha va mavjud mahsulot bilan qisqa fursatda qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi;
  • ayni paytda onlayn savdoda raqobat sust. Yaxshi servis bilan TOP kompaniyaga aylanib olish mumkin;
  • hududiy chegaralar yo‘q;
  • kuniga 24 soat, haftasiga 7 kun ishlay olish;
  • onlayn savdo orqali xaridorlar vaqtining tejalishi va katta assortimentni ko‘ra olish muhim rol o‘ynaydi;
  • internetdagi mahsulotlar soniga hech qanday chegara yo‘q.

Yuqorida sanab o‘tilganlar onlayn savdoning asosiy xislatlari. Shuningdek, agar oflaynda do‘kon bo‘lmasa, uni onlaynda ochish tavakkal qilish darajasini ancha kamaytiradi. Chunki internetda do‘kon ochish va yuritishda kam mablag‘ sarflanadi.