Turkiya prokuraturasi 191 nafar harbiy xizmatchining hibsga olinishi to‘g‘risida order imzoladi
Turkiyaning Izmir prokuraturasi 191 nafar harbiy xizmatchining hibsga olinishi to‘g‘risida order imzoladi. Harbiylar orasida amaldagi xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar soni 181 nafarni tashkil etadi. Ularning barchasi muxolifat da’vatchi Fathullah Gyulen bilan aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Anadolu agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, hibsga olish ishlari Turkiyaning 23 viloyatida amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtgacha 145 nafar harbiy hibsga olingan. Ular Gyulen tarafdorlari harbiy xizmatga yollanayotgan vaqtda uyushtirilgan ko‘zbo‘yamachiliklarga aloqadorlikda ayblanmoqda.
Turkiya hukumati “FETO” (Fethullaxiylar terrorchilik tashkiloti) deb nomlanuvchi Gyulen tashkilotini 2016 yilda uyushtirilgan davlat to‘ntarilishida ayblamoqda. O‘shanda sodir bo‘lgan isyondan so‘ng 80 mingdan ortiq odam hibsga olingan va 150 mingga yaqin davlat xizmatchilari o‘z vazifalaridan ozod etilgan edi. Biroq o‘zi AQShda bo‘lgan Gyulen sodir bo‘lgan voqealarni qoralab, ayblovlarni inkor etgan edi.