Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi vatandoshlarga ogohlantirish bilan chiqdi
O‘zbekiston elchixonasi Turkiyada bo‘lib turgan yoki u yerga safar qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga mazkur mamlakatda karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan murojaat yo‘lladi.
Kecha, 17 noyabr kuni Turkiya rasmiylari yangi turdagi koronavirus COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish doirasida karantin choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.
Yangi cheklovlar joriy yil 20 noyabrdan kuchga kiradi. Xususan, bundan avvalroq 65 yoshdan katta fuqarolarning ko‘chaga chiqishlariga o‘rnatilgan cheklovlar endi 20 yoshgacha bo‘lganlarga ham tegishli bo‘ldi.
Bundan tashqari, mamlakatda dam olish kunlari uydan chiqishga qisman taqiq joriy etilmoqda. Mamlakat bo‘ylab dam olish kunlari qisman komendantlik soati ham kuchga kiradi. Aholiga faqat mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha ko‘chaga chiqishga ruxsat berildi.
Davlat muassasalari, bozorlar, savdo markazlari, do‘konlar, restoranlar, kafelar, sartaroshxonalar hafta davomida soat 10:00 dan soat 20:00 gacha ishlaydi. Restoranlarga faqat buyurtmalarni yetkazib berish yo‘nalishida faoliyat yuritishga ruxsat berilmoqda. Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo‘ladi. O‘yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlari tomoshabinlarsiz davom ettiriladi.
Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qitish 2020 yil oxirigacha uzaytirilmoqda.
Ko‘chada sigaret chekishga taqiq ham amalda qolmoqda.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlari epidemiologik vaziyatga qarab, qo‘shimcha cheklov choralarini joriy etish huquqiga ega bo‘ldi. Xususan, Turkiyadagi koronavirus bilan kasallanganlarning yarmidan ko‘pini tashkil etadigan Istanbul shahar rasmiylari 2020 yil 19 noyabrdan boshlab muzeylar va san’at markazlari, suzish havzalari va konsert zallarini yopmoqda.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya paytida mamlakatda 11 ming 804 kishi koronavirusdan vafot etgan. So‘nggi 24 soat davomida 103 kishi ushbu kasallik tufayli dunyodan ko‘z yumgan.
Shu kunga qadar mamlakatda jami 421 mingdan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan. Kuniga 3 mingdan ortiq bemor yangi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq shikoyatlar bilan murojaat qilmoqda.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston elchixonasi Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan, doimiy yashayotgan, o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlardan ushbu cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lish hamda rasmiy organlarning aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablarini bajarishga chaqiradi.