Ukrainadagi tinchlik evaziga kosmik hamkorlik. Qozog‘istonda korrupsioner reyestri yaratiladi. Germaniyada xavfli kasallik tufayli chorva ommaviy ravishda so‘yilmoqda
🔹 Donald Tramp Rossiya tomoniga kosmik sohada hamkorlikni yangilashni va Ukraina mojarosini hal qilishda qo‘shma dasturda ishtirok etishni taklif etmoqchi. Gap Artemis dasturi haqida ketmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi - Marsga parvoz va insoniyatning Oyni ko‘proq o‘rganishi. Bundan tashqari, kelishuv Rossiyaga Amerika texnologiya va uskunalari, jumladan "SpaceX"ga yo‘l ochiladi.
🔹 Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol isyonda ayblanib, ikkinchi urunishdan hibsga olinganidan keyin ko‘rsatma berishdan bosh tortdi. U Korrupsiyaga qarshi tergov departamentiga olib ketilgan va u yerda o‘ziga nisbatan o‘tkazilayotgan tergov harakatlari noqonuniy ekanligini ta’kidlamoqda. Yun Sok Yolning hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyat nihoyatda keskinligicha qolmoqda, uning tarafdorlari mamlakatda siyosiy bosim va demokratik me’yorlar buzilganini da’vo qilmoqda.
🔹 Yevropa Ittifoqi 16-sanksiya paketi bilan Rossiyaga zarba berishga tayyorlanmoqda.
🔹 Qozog‘iston rasmiylari korrupsiyachi mansabdorlarning davlat lavozimlariga qayta ishga joylashmasligi va shaffoflikni maqsad qilgan korrupsionerlar davlat reyestrini yaratish niyatida. Ro‘yxatga og‘ir va o‘ta og‘ir korrupsiya jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar kiritiladi. Ular haqidagi ma’lumotlar oshkora bo‘ladi va agentlik rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
🔹 Tramp Baydenning neft va gaz qazib olish cheklovlarini o‘z lavozimidagi birinchi kunlaridayoq bekor qilishni rejalashtirmoqda.
🔹 Eron harbiy mojaroga intilmayapti, ammo AQSh yoki Isroil o‘z hududiga hujum qilsa, javob qaytaradi. Bu haqda Islom Respublikasi prezidenti Masud Pezeshkyan ma’lum qildi.
🔹 Turkiyaning Istanbul shahrida bir sutkada kamida 11 kishi qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanib vafot etgan. O‘tgan yilning dekabrida ham shu yerda 17 kishi qalbaki spirtli ichimlikdan vafot etgan edi. Qurbonlar ora O‘zbekiston fuqarolari borligi aytilmoqda.
🔹 Fransiyaning yangi bosh vaziri Fransua Bayru pensiya yoshini 62 dan 64 ga oshirishni qayta ko‘rib chiqmoqchi. U "yangi islohot yo‘lini" izlashga va’da bergan. Makronning pensiya yoshini oshirish rejasi 2023 yilda ommaviy noroziliklarni keltirib chiqargan edi.
🔹 Germaniyaning Brandenburgdagi ikkita chorvachilik fermasida oqsim kasalligi tufayli hayvonlar ommaviy so‘yilmoqda. Uning 1988 yildan beri ilk bor Germaniyada paydo bo‘lishi. Ayrim davlatlar virusli kasallik tufayli Germaniyadan go‘sht importini taqiqlamoqda.
🔹 Qirg‘izistonda 22 yanvardan boshlab yangi viza qoidalari kuchga kiradi. Elektron vizalarni tezkor rasmiylashtirish tartibi ishga tushirilmoqda. Bu hujjatni 24 soat ichida olish imkonini beradi.