Ukrainadan qaytgan qancha talaba Samarqanddagi OTMlarga qabul qilindi?

Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 194 nafari (2022 yil 28 martga qadar) Samarqand viloyatida istiqomat qiladi.

Ukrainadan o‘qishini ko‘chirayotgan talabalar Samarqand davlat chet tillar instituti qoshida ochilgan hududiy ishchi guruhning qabul bo‘limiga yozma ravishda ariza topshirishlari kerak. Ayni kungacha ro‘yxatga olinganlardan 156 nafarining arizasi olingan.

Hozirchaga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha tushgan arizalar nisbati quyidagicha:

Samarqand davlat universitetiga - 53 nafar;
Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga – 30 nafar;
Samarqand davlat tibbiyot institutiga – 29 nafar;
TATU Samarqand filialiga – 7 nafar;
Samarqand davlat chet tillar institutiga – 4 nafar;
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga – 2 nafar;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialiga – 2 nafar;
Finlandiya-O‘zbekiston pedagogika institutiga – 1 nafar.

Samarqand davlat chet tillar instituti qoshida tashkil etilgan ishchi guruhning qabul bo‘yicha maslahatchisi Qahramon Hakimovga ko‘ra, Ukrainadan qaytgan talabalardan ayrimlarining yo‘nalishi (mutaxassisligi) viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida mavjud emas. Ularga o‘ziga qulay hududdagi OTMni tanlash huquqi berilyapti. Bunday holatda talabalar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tanlagan oliy ta’lim muassasasiga yuborilmoqda. Bu bo‘yicha raqamlarning nomutanosibligi shundan.

Bundan tashqari, Ukrainaga bormasdan onlayn tarzda o‘qiyotgan talabalarning ham murojaati inobatga olinib, ularning o‘qishi O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirib berilmoqda. Bu jarayonlar hozirda davom etmoqda.

Xurshida ERNAZAROVA.