U.Nazarov: muammolar yechimi mablag‘ga taqaladi. Uni topish esa o‘zimizga bog‘liq

Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvi davomida Jomboy tumani hokimi, sektorlar hamda tashkilotlar rahbarlari aholidan tushgan 65 murojaatning 40 tasiga javob berdi.

Dastlab tuman hokimi U.Nazarov 2018 yil 26 avgust kuni o‘tkazilgan «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvida aholidan tushgan murojaatlar ijrosiga to‘xtaldi.

– Muloqot davomida fuqarolarimizdan 50 ta savol tushgandi, - dedi hokim. – Aholi muammolarini har bir xonadonga kirib o‘rgandik, aksariyat muammolarga joyida yechim topdik.

Shundan so‘ng viloyat teleradiokompaniyasi telefon raqamlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda "Zarafshon" gazetasi orqali berilgan savol va murojaatlarga javob berishga o‘tildi. Murojaatlarning asosiy qismi to‘rtta masalaga - aholiga ballonli gaz yetkazib berish, yo‘llarni ta’mirlash, maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, rekonstruksiya qilish, bolalarni bog‘chalarga jalb qilish hamda kadastr xizmatlari bilan bog‘liq bo‘ldi. Jumladan, Beshbola mahallasi ahli, Naymantepa mahallasidan O‘lmas Eshmurodov gaz ballonlari yetkazib berish borasidagi uzilishlar, To‘qqizboy mahallasidan Jamol Anorov, Nogahon mahallasidan Ulug‘bek To‘raqulov yo‘llarni ta’mirlash muammosi haqida so‘radi.

- Bu ikki masalada ham o‘zgarishlar bor, ammo muammolar haqida gapirmoqchiman, - deydi U.Nazarov. – Jumladan, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tumanimizdagi jiddiy muammolardan biri bo‘lib turibdi. Negaki, bugungi kunda 6100 ta gaz ballonga ehtiyojimiz bor. Ammo tumanimizda uning yarmi ham yo‘q. Bu borada Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Ularning ham imkoniyati bizning talabni qondirolmayapti. Shuning uchun ichki imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, chora-tadbir belgiladik.

Yo‘l qurish va ta’mirlash uchun esa tumanimizda moddiy-texnik baza eskirgan, yangi, zamonaviy texnikalar yetishmaydi, bu yumushlarni bajarish uchun ajratilayotgan mablag‘ kam. Shunday bo‘lsa-da, murojaat qilgan fuqarolar yo‘llari yil oxiriga qadar ta’mirlanadi. Umuman, 2019 yil davomida 5 kilometr yo‘lga asfalt yotqiziladi, 4,3 kilometrlik ichki xo‘jalik yo‘llari ta’mirlanadi, 7,2 kilometr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi quriladi.

Studiyada berilgan shu kabi savollarga qisqa, lo‘nda, aniq javob berildi. Biroq avval o‘tkazilgan ayrim muloqotlardagi kabi tuman korxona-tashkilotlari rahbarlari "Nazoratga olamiz", "Bajaramiz"dan nariga o‘tmagani murojaat qilgan fuqarolarning ta’bini xira qilgani aniq. Shuningdek, ayrim savollar berilganda korxona va tashkilotlar rahbarlari «Bu fuqaro bizga bundan oldin ham murojaat qilgandi», degan gaplarni ta’kidladi. Xo‘sh, fuqaro shu muammo bilan murojaat qilgan ekan, nega bu masala vaqtida hal qilinmadi? «Ochiq muloqot»da «Hal qilamiz», deyishlarida qanday mantiq bor?

Lekin e’tirof etish kerak, sektor rahbarlari ayrim savollarga qo‘shimcha muammolarni-da aytib javob berdi. Masalan, Sarchashma mahallasida yashovchi Sh.Qurbonovning 44-maktab qarshisidagi yo‘lga svetofor o‘rnatilishi haqidagi murojaatiga 3-sektor rahbari bunday muammo nafaqat 44-maktab, balki 5-, 56- kabi beshta maktabda ham mavjudligini bildirdi. O‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ta’lim dargohlari oldiga svetofor qo‘yish bo‘yicha 205 million so‘m ajratilgani, 44-maktab qarshisidagi yo‘lga shu oyning oxirigacha, qolgan maktablarga ham bosqichma-bosqich svetofor o‘rnatilishini bildirdi.

Muloqot so‘ngida Umidjon Nazarov gazetamiz uchun o‘z xulosalarini bildirib o‘tdi:

– Ochiq muloqot davomida qator muammolar aytiladi. Ayrimlar bu kabi muammolar yechimini tasdiqlanadigan dasturlarga bog‘lab, vaziyatdan chiqib ketishni ko‘zlaydi. Ammo bu javob emas. To‘g‘ri, bularning yechimining asosi mablag‘da. Uni topish esa o‘zimizga bog‘liq. Demoqchimanki, bugungi kunda davlat byudjetiga tushadigan ko‘pgina soliq turlari tushumi tumanlarning o‘zlarida qoldirilyapti. Masalan, yer va mulk solig‘i. Biz ana shu ikki soliqni yilning birinchi yarmigacha tushirilishini ta’minlash borasida zarur ishlarni olib boryapmiz. Tushumlar birinchi chorak yakuni bilan 55 foizga bajarildi. Buni muddatida uddalasak, nafaqat bugun ko‘tarilgan muammolar yechimi, balki ijtimoiy soha ob’yektlari qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berish ishlarini amalga oshiramiz. Masalan, ayrim soliq turlaridan tushumlar vaqtida bajarilgani hisobidan 2022 yil davlat dasturiga kiritilgan 46-maktabga isitish tizimi o‘rnatishni shu yil o‘z hisobimizdan qilamiz.

Akram HAYDAROV.