Urgutlik usta oyligidan orttirgan mablag‘laridan kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatdi

Urgut tumanining Katta Torinjak mahallasida yashovchi Shaxzod Boboyev Samarqand shahridagi ustaxonada oddiy elektrchi bo‘lib ishlaydi. Ayni kunda karantin munosabati bilan Urgut shahridagi uyida yashamoqda.

Joriy yilning 21 aprel kuni ertalab Sh.Boboyev Urgut tumani hokimligiga kelib, Samarqand shahrida ishlashini, ozroq oyligidan yiqqan mablag‘idan sharoiti og‘ir ikki oilaga yordam berishi masalasida murojaat qildi. Suhbat asnosida tuman hokimligi mas’ullaridan biri bugungi sinovli kunlarda kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar e’tiborda ekanligi, oylikka ishlayotgan ustaga ushbu mablag‘ni ro‘zg‘orining kam-ko‘stiga ishlatishini aytadi.

- Hozircha ro‘zg‘orimga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlarim bor, - dedi usta. - Shunday kunlarda bir-birimizga ko‘maklashmasak, ertaga vijdon azobi qiynamaydimi? Qo‘limda hunarim bor, ikki qo‘lim, oyog‘im sog‘lom. Ishlab ro‘zg‘orimni butlashga imkonim yetadi.

Savob ish qilish istagida bo‘lgan fuqaro tumanning O‘roqboyjar va Xalqobod qishlog‘ida yashovchi 2 nafar buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan oilalarga DSEOM xodimlari ko‘magida homiylik ko‘magini  qildi.