"Urush ko‘priklari yonib ketar, ammo o‘tmish ko‘prigi yonmas ekan..."

1926 yilda Jomboy tumanining To‘qqizboy qishlog‘ida tug‘ilgan Hasan Ortiqov urush xotiralarini shunday esladi.

- "Bu kunlarni eslashni istamasdim, bolam! Mayli, shuncha yo‘ldan hol-ahvol so‘rab kelibsan aytib beraman.

Kechagidek yodimda. 1944 yilning yanvari edi. Mahallamizdan 25 nafar tengdoshimni urushga olib ketishdi. Ular orasida men ham bor edim. Janubiy Qozog‘istonning piyodalar polkiga borib qo‘shildik. Bularning barisi tunda amalga oshirilardi. U yerda chamasi 10-15 kun qolib, harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik.

Bir necha kun ichida Germaniyaning Oder daryosi qirg‘oqlariga joylashdik. Eshitilayotgan o‘q ovozi hammani dahshatga solardi. Qor qalinligidan yurishga qiynalardik. Dushman tomondagi vaziyatni aniqlash, zarur hollarda muhim ma’lumotlarni yetkazish uchun har birimizga alohida qaltis topshiriqlar berilardi.

Germaniyadagi vaziyat juda og‘ir edi. Dushman nafaqat quruqlik, balki dengizdagi ustunlikni ham qo‘lga kiritishni rejalashtirgandi. Biz kechalari ko‘prik qurardik. U yerdan tirik qaytishning iloji yo‘q. Chunki ko‘prikning bitishi bilan dushman tomonga piyoda qo‘shinlari o‘tar chog‘ida ko‘prikni yana bombardimon qilishardi. Qanchadan-qancha safdoshlarim daryoga cho‘kib ketgan. Bir necha kunlab och qolardik.

Nihoyat daryodan o‘tdik. Berlinga qarab hujum boshlandi. Dushman tomondan o‘q yomg‘iri yog‘ilardi. O‘qlarning biri chap yelkamga kelib qadaldi. Uning zarbidan chap tomonga burildim. Hushimni yo‘qotayozdim. Shu payt tomog‘imga nimadir tekkandek bo‘ldi...

Qancha vaqt o‘tganini eslolmayman. Gospitalda davolanib chiqdim. Yana urushga qo‘shildim. Biroq bu safar nafas olishga qiynalardim. Harakatlarim sust. Ortda qolganni esa o‘lim kutardi!

1951 yilda O‘zbekistonga qaytib kelgan Hasan bobo chorvachilik fermalarida, qishloq xo‘jaligi omborlarida ishladi.

Bu kunlarning har daqiqasiga shukrona aytaman, - deydi Hasan bobo. - Boshimizga tushgan mashaqqatli hayot oldida bugungi kun misoli jannat. Yurtimizdagi obodlik, to‘kinchilikni qanchadan-qancha tengdoshlarimiz orzu qilgan. Har yili sihatgohlarda dam olamiz. Shifokorlar tez-tez kelib xabar olishadi.                                                                                             

Tumanda Hasan Ortiqov bilan birga Ikkinchi jahon urushi faxriysi - g‘aziralik Fani Tojiyev ham alohida e’tibor, e’zozda. Otaxon ham urushdan qaytgach yurt uchun halol mehnat qildi. Turmush o‘rtog‘i bilan ikki o‘g‘il, ikki qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi, elga qo‘shdi. Bugun 10 nevara, 40 chevara ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda. Katta o‘g‘li Anorboy Faniyev ichki ishlar tizimida faoliyat yuritib, pensiyaga chiqdi. Botir Faniyev esa tadbirkorlik bilan mashg‘ul.

Otaxonlar bilan xayrlashar ekanmiz, mustaqillik, tinchlik va osoyishtalik xalqimizning bebaho boyligi ekani, uning qadriga yetish zarurligini ta’kidladilar, yurtimizga tinchlik-omonlik tilab, duoga qo‘l ochdilar.

Bahriddin XONKELDIYeV.