Uxandan O‘zbekistonga olib kelingan fuqarolarning tibbiy tekshiruv natijalari ma’lum qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020 yilning 5 fevral kuni olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 24363 nafardan ortiq fuqarolar kasallanib, kunlik o‘sish 19 foizni (3892 nafar) tashkil etmoqda. 491 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.

Joriy yilning 4 fevral kuni Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga 71 nafar fuqarodan koronavirus infeksiyasi laboratoriya tahlili uchun namunalar keltirildi. Ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmadi.

I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 4 fevral kuni xorijiy davlatlardan 29 ta samolyot qabul qilingan, 3924 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktidan 5 ta poyezdda jami  892 nafar fuqarolar o‘tishgan, shulardan 89 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan.

Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlari orqali 1606 ta avtotransportlar, 29263 nafar fuqarolar o‘tkazilgan, shulardan 14495 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi.

Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahridan joriy yilning 4 fevral kuni charter reys bilan 250 nafar va 5 fevral kuni Uxan shahridan 84 nafar fuqarolarimiz olib kelindi va maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Kelgan fuqarolar malakali shifokorlar tomonidan to‘liq tekshirildi va koronavirus infeksiyasiga laborator tekshiruvdan o‘tkazildi.

Fuqarolar uchun shifoxonada barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, o‘rin-joylar, oziq-ovqatlar, zarur dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Fuqarolarning barchasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, 14 kun davomida (kasallikning yashirin davri davomida) laboratoriya va tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarga Sog‘liqni saqlash vazirligidan sohaning yetkachi mutaxassislari jalb etilgan, ular tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi joriy yilning 5 fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi umuman qayd etilmagan.

Mamalakatimiz aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalari talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu kasallikning Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.