Uy-joylarni boshqarishda yangicha tizim: Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar bu xizmatdan rozi bo‘ladimi?

Prezidentimiz joriy yilning 26 aprel kuni mamlakatimizda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid o‘tkazilgan taqdimotda, ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlarni qiynab kelayotgan qator muammolarga yana bir bor e’tibor qaratib, xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash bo‘yicha mutasaddilar oldiga vazifa qo‘ydi. Davlatimiz rahbarining tavsiyasi bilan ko‘p qavatli uy-joylarni boshqarishni xususiy boshqaruv kompaniyalarga berish, davlat-sherikligi asosida boshqarish usullariga o‘tishga qaror qilindi.

Bugungi kunda viloyatimizdagi 2067 ta ko‘p qavatli uylarda 66 ming 894 ta xonadon bor. Bu uylarning 1912 tasiga shirkatlar, 47 tasiga boshqaruv servis kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi. 108 ta uy-joylar mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.

- Viloyatimizda uy-joy mulkdorlari shirkatlari 179 ta bo‘lib, shundan moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lgan 36 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘z faoliyatini tugatgan, - deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Negmatov. - Ularga qarashli 532 ta ko‘p kvartirali uylarni bosqichma-bosqich yangi tuzilayotgan 15 ta boshqaruv servis tashkilotlariga berish ko‘zda tutilgan. Qolgani o‘rta va og‘ir sharoitda ishlamoqda. Aniqlanishicha, to‘lovlar bo‘yicha tariflarning norentabelligi, hisob-kitoblarning shaffof emasligi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani muammolarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p shirkatlar kadrlar yetishmaganligi sababli o‘z vazifasini bajara olmayapti. Xonadon egalarining shirkat va boshqaruv kompaniyalariga ishonchi yo‘qolgan. Majburiy badallar yig‘ilmasligi natijasida debitor qarzdorlik oshib boryapti. To‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamagan mulkdorlarga nisbatan ta’sir choralarini ko‘rish tizimi yo‘q. Mulkdorlar bilan o‘zaro shartnoma tuzishda muammolar paydo bo‘lyapti.

Bugungi kunda viloyat bo‘yicha xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining tijorat banklari oldida 92,9 milliard so‘m kredit qarzdorligi bor. Shundan 14,7 milliard so‘m muammoli bo‘lsa, 3,7 milliardi muddati o‘tgan kredit hisoblanadi.

- Bu qarzdorliklar olingan kredit mablag‘larini qaytarishga yig‘iladigan majburiy badal to‘lovlarining yetishmasligi sababli yuzaga kelyapti, - deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi bosh mutaxassisi Husniddin Shodiyev. – Natijada mulkdorlar majburiy badal to‘lovlari miqdorini oshirishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida aholining noroziliklariga sabab bo‘layotir. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 49 ta uyga xizmat ko‘rsatuvchi “Qo‘rg‘on bino servis” uy-joy mulkdorlar shirkati tomonidan 2 milliard 549,1 million so‘m kredit mablag‘lari olingan. Mazkur shirkatning bir oylik majburiy badal rejasi 13,2 million so‘m, biroq ularning bir oylik xarajatlari 42 million so‘mni tashkil etadi. Bu mablag‘ olingan kreditni o‘z vaqtida qaytarishga yetmayotganligi sababli shirkat o‘z majburiyatini bajara olmayapti.

Ana shu muammolarni bartaraf etish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish hududiy boshqarmalari huzurida ko‘p kvartirali turar joy fondini ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etishga qaror qilindi. Jamg‘arma mablag‘larining 35 foizi respublika byudjetidan, 35 foiz mahalliy byudjetdan va qolgan 30 foizi mulkdorlar to‘lovidan shakllantiriladi. Hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash maqsadida boshqaruv servis tashkilotlari va shirkatlarning elektron reyestrini yuritish, har bir uyga alohida shaxsiy hisob raqam ochish, uyning xizmat ko‘rsatish hududini aniq belgilash, mulkdorlarga hisobot berish tartibini takomillashtirish, hisob-kitoblarga billing tizimini joriy qilish belgilangan.

Ayni vaqtda viloyat Yagona hisob-kitob markazi tomonidan majburiy badallar to‘lovlarini onlayn amalga oshirish uchun ishlab chiqilgan “Obod-uy” dasturiga viloyatdagi 169 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga qarashli 53 mingga yaqin xonadon egalarining ma’lumotlar bazasi to‘plangan. To‘lovlar barcha tijorat banklari tomonidan «Munis» tizimi orqali amalga oshirilyapti. Dasturda har bir xonadon egasi uchun shaxsiy hisob raqam ochilgan. Shirkatlar «Paynet», «Click», «Pay me» kompaniyalari bilan shartnoma rasmiylashtirilib ushbu tizimga bog‘lanmoqda.

Joriy yilning may oyidan boshlab Samarqand shahrida tajriba uchun Qorasuv massivida “Nur sharq tess” MChJ boshqaruv servis tashkiloti tashkil etilib, 47 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatishni boshladi.

- Uylar foydalanishga topshirilgan vaqtda uy-joy mulkdorlar shirkati tashkil etilgan edi, - deydi “Nur sharq tess” MChJ ish yurituvchisi Navro‘z Erkinov. – Paydo bo‘lgan muammolarni shirkat o‘z kuchi bilan hal qila olmadi. Bundan esa aholi norozi bo‘la boshladi. Yangi tuzilgan boshqaruv servis tashkilotida ish boshqacha tashkil etildi. Hududga xizmat qilish uchun 8 nafardan bog‘bon, santexnik va farroshlar, 2 nafar lift xizmatchisi, har beshta uyga 1 nafardan qo‘riqchi ishga olindi. Shuningdek, ikkitadan maxsus avtomashina va yuk tashishga mo‘ljallangan mototsikllar, o‘t kesuvchi uskunalar sotib olindi.

- O‘tgan yil avgust oyida yangi uyga ko‘chib kelganmiz, - deydi 80-uyda yashovchi Muharram Bo‘ronova. – Qo‘shnilarning ehtiyotsizligi tufayli uyimizni suv bosdi. Qaytadan ta’mirlab berishlarini so‘rab bir necha bor quruvchilarga va shirkatdagilarga murojaat qildim, ammo foydasi bo‘lmadi. Yangi servis tashkilotiga murojaat qilgandim, shu bugun xizmatchilarni yuborishlarini aytishdi. Ta’mirlash uchun qurilish ashyolari va jihozlarni uyimizga olib borishdi. 

Yangicha boshqaruv tizimining shirkatga nisbatan afzalliklari juda ko‘p. Avvalo, moddiy-texnik baza ta’minoti oshadi. Aholi bilan tuzilgan o‘zaro shartnoma asosida o‘z hududidagi uylarda barcha kommunal xizmatlarni bajaradi. Bu o‘z o‘rnida aholining to‘lovlarga bo‘lgan mas’uliyatini oshirib, ko‘rsatilgan xizmatlarning sifatini yaxshilashga olib keladi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlashda davlat idoralariga suyanib qolinmaydi. Aholining muammolarini hal etishda vaqt tejaladi.

Dilmurod To‘xtayev.