Uyda davolanish shifokorlarning qat’iy nazoratida bo‘ladi
Joriy yilning 17 iyul kuni samarqandlik 25 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Karantin boshlangandan buyon bemorlar 682 nafarga yetdi. Tuzalib chiqqanlar soni 525 nafarni tashkil etmoqda. Ayni paytda 86 nafar bemor viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, qolgan bemorlar uyida shifokorlar nazoratida davolanmoqda.
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan koronavirus infeksiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan testlar musbat natija bergan hamda kasallik yengil kechayotganligi sababli uyida davolanayotgan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta’minlashga qaror qilindi.
- Shifokorlar tavsiyasi bilan uyida davolanayotgan bemorlarga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlandi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassis Norposhsha Shoxo‘jayeva. - Endi ularga zarur dori-darmon hamda bir martalik tibbiy niqoblar bepul yetkazib beriladi. Uydagi bemor o‘zi yashayotgan hududda joylashgan tibbiyot muassasasi shifokorlari tomonidan 10 kunlik karantinga olinadi va dori-darmonlar maxsus nazorat ostida beriladi.
Ayni kunlarda viloyat bo‘yicha 348 nafar fuqaro kasallikka gumon qilinib, statsionar sharoitdagi tibbiy kuzatuv ostida saqlanayotgan bo‘lsa, 2885 nafar fuqaro o‘z uyida karantinda qolmoqda.