Vahshiy qotillik: Oila boshlig‘i xotini va qizini o‘ldirdi

Kecha, 16 dekabr kuni Andijon viloyati Asaka tumanida vahshiy qotillik yuz berdi. Er turmush o‘rtog‘i va qizini qasddan o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha soat 02:00 larda Kujgan mahallasida 1969 yilda tug‘ilgan H.A. (sudlanmagan, ishsiz) turmush o‘rtog‘i - 1969 yilda tug‘ilgan D.A. (sudlanmagan, ishsiz), qizi - 2001 yilda tug‘ilgan X.X.ning doimiy e’tirozidan charchab, ulardan o‘ch olishga tushgan. H.A. turmush o‘rtog‘i uxlab yotganligidan foydalanib, pichoq bilan ko‘krak qismiga 3 marta va biqin qismiga 2 marta urib, qasddan o‘ldirgan.

So‘ng qizining oldiga go‘yoki, kiyimlarini topib berishini aytib chaqirib, pichoq bilan ko‘krak qismiga 1 marta, biqin qismiga 5 marta, tanasining orqasiga 9 marta va bilak qismiga 3 marta urib, qasddan o‘ldirgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni tuman prokuraturasi tomonidan H.A.ga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. H.A. ushlangan.