Viloyat axborot-kutubxona markazi e’tiborda

“Zarafshon” gazetasining 2019 yil 2 fevral, 14-sonida “Viloyat axborot-kutubxona markazi e’tibordan chetdami?” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Maqolada ko‘rsatilgan tanqidiy fikrlar, muammo, kamchilik va takliflar asosli ko‘rsatib o‘tilgan.

2008 yil adabiyotlarni saqlash maqsadida kutubxona hovlisida 3 qavatli bino qurilishi uchun Samarqand shahar hokimining qarori qabul qilinib, Toshkentdagi “Toshboshplan LITI”dan ruxsatnoma olingan bo‘lsa-da, mazkur loyiha amalga oshmadi.

2018 yilda o‘quv zali hamda ma’naviyat va yoshlar bilan ishlash xonalariga isitish tizimi o‘rnatildi. O‘sha yilning aprel oyidan boshlab kutubxona Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining filialiga aylantirildi va milliy kutubxona qoshidagi  jamg‘arma tomonidan isitish tizimi uchun 600 million so‘m ajratildi. Ayni paytda binoda isitish tizimini yangilash ishlari ketmoqda.

Kutubxonadagi gazetalarni sifatli saqlash maqsadida “Tong” MChJdan qalin qog‘ozlar olindi. Shuningdek, kompyuter jihozlarini yangilashga 200 million va mebel jihozlari uchun 220 million so‘mlik taklif berildi. 300 ta adabiyotlarni o‘zbek, rus va ingliz tilida chop etish uchun nashriyotlar bilan kelishuvlar imzolandi.

Darhaqiqat, kutubxona xodimlari ham sohaga oid bilim va tajribalarini yanada oshirish maqsadida kitobxonlar bilan muntazam suhbat o‘tkazmoqda. Kutubxonada “Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari Mohiniso Shomurodova hamda Mahliyo O‘roqovaning Prezident sovg‘asini olayotgan paytdagi suratlari joylandi va ular bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirildi.

Sh.AHMEDOVA,

viloyat axborot-kutubxona markazi direktori.