Viloyat Kengashining sessiyasi: Samarqand tumani muammolardan xoli emas

1-Bog‘ibaland saylov okrugidan (Samarqand shahar) saylangan viloyat kengashi deputati, Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Badriddin Nasriyevning qayd etishicha, Samarqand tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muayyan ishlar qilinyapti. Ammo hisobotda qayd etilgan ayrim raqamlar bilan kelishib bo‘lmaydi.

- Partiya deputatlik guruhimiz tomonidan bu borada o‘rganishlar olib borganmiz, - deydi B.Nasriyev. - O‘rganishlar davomida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Misol uchun, “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan 4 nafar fuqaroga aslida yer ajratilmagan va ro‘yxatdan asossiz chiqarilgan.

2021 yil birinchi yarimyillikda tumanning ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturiga kiritilgan Quyi Chordara mahallasidagi ma’nan eskirgan simyog‘ochlar hamda transformatorni ta’mirlash, 2 kilometr yo‘lni asfalt qilish, O‘rta turkman mahallasidagi simyog‘ochlarni almashtirish ishlari bajarilmagan.

Umuman, aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasida hisobotlar bilan bog‘liq bir qator chalkashliklar va muammoli holatlar mavjud.

Jumladan, 3-sektor shtabidan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar 30 nafar bo‘lsa, hududdagi mahallalardagi ko‘rsatkich 26 nafarni tashkil qilmoqda.

Yangiobod mahallasida istiqomat qiluvchi “Temir daftar”da turgan Ruxshona Musinovaning 3 nafar farzandi va oilaning nogiron a’zosi bor. Xonadonda 24 kishi ro‘yxatda turadigan oila arzon uy-joyga muhtoj bo‘lsa-da, tuman hokimligining uy-joy bo‘limida ro‘yxatga olinmagan.

4-sektor hududidagi Dehnav mahallasida ham “Temir daftar” ro‘yxatida turganlar 8, sektor shtabida esa 9 nafarni tashkil qilmoqda. Ya’ni, sektor shtabi ma’lumotida qayd etilgan fuqaro mahalla ma’lumotlarida yo‘q. O‘rganishlarda bunday fuqaro Dehnav mahallasida yashamasligi aniqlandi.

Sektorlarda aniqlangan muammolarni sektor rahbarlari bir oy muddat ichida bartaraf etib, Kengashga ma’lumot berishi belgilandi.