Viloyatda ajrimlar besh yuztaga kamaygan

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishini viloyat hokimi, Kengash raisi E.Turdimov olib bordi.

Deputatlar dastlab sessiya kun va ish tartibini belgilab oldi.

Kun tartibiga muvofiq, viloyat hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A.Umarovning “Erta turmush va erta tug‘ruq holatlari hamda oilaviy ajrimlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturining ijro etilishi to‘g‘risida”gi hisoboti tinglandi.

Qayd etilganidek, 2020 yilda 910 ta notinch oila bilan tizimli ishlarni olib borish bo‘yicha tavsiyalar va ish reja loyi­hasi ishlab chiqilib, shahar va tumanlarga yuborilgan.

Ajrashish yoqasiga kelib qolgan 1179 ta oila bilan mahalla faollari va keng jamoatchilik tomonidan olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar natijasida 1012 ta oila yarashtirilgan. O‘z navbatida o‘tgan yili 2 963 ta ajrimlar qayd etilib, 2019 yilga nisbatan 505 taga kamaygan. Ammo bu holat Paxtachi tumanida 16 ta, Bulung‘ur tumanida 13 ta, Nurobod tumanida 4 taga ko‘paygan.

Oilaviy ajralishlarga asosan yoshlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi, er yoki xotin spirtli ichimlik ichib, oilada janjal chiqarishi, er-xotinlik munosabatiga xiyonat qilish, farzandsizlik, oilaviy ishlarga yaqin qarindoshlarning aralashuvi, uzoq muddat birga yashamaslik, er-xotindan birining kasalligi va boshqa holatlar sabab bo‘lgan.

Deputatlar boshqarma jamoasiga nizoli oilalar bilan yakkama-yakka ishlash yuzasidan tavsiyalar berishdi.

Qo‘shrabotliklar osmonga qarab o‘tirmaydi

Sessiyada hisobot bergan tuman hokimi H.Oqbo‘tayevning xulosasi shunday bo‘ldi. Negaki, aholining turmush tarzini yaxshilash borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, oxirgi ikki yilda 75 kilometr avtomobil yo‘liga asfalt qoplamasi, 250 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al yotqizilgan.

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2018 yilgi statistik hisobotda 75 foiz ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, aslida 18 foizni tashkil etgan. Shu bois, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tuman aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 36 million dollarlik 8 ta lot bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil yakunigacha ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 89 foizga yetkaziladi.

Keyingi ikki oyda 43 ta yangi transformator o‘rnatilib, ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan 53 ta transformatorning quvvati oshirilgan, 103,3 kilometr havo uzatish liniyalari rekonstruksiya qilingan. Tumandagi 25 ming 125 ta aholi va yuridik iste’molchilarning 17 ming 822 tasi zamonaviy elektr hisoblagichlar bilan ta’minlangan.

Bundan 3-4 yil oldin tumanda mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikalari yetishmagan. Bugungi kungacha 30 ga yaqin zamonaviy qishloq xo‘jaligi, suv qazish, burg‘ulash texnikalari keltirilgan. Natijada, o‘tgan ikki yil davomida ekilgan 5 ming gektar bog‘-toklarning 1200 gektarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Yil yakuniga qadar yana 3 ming gektardan ortiq maydonlarda shunday texnologiyalar tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, ikki yilda xorijdan 10 mingdan ortiq qo‘y, 1,5 mingga yaqin echki keltirilgan.

- Birgina bog‘-toklarning o‘zi 2024 yildan 500 milliard so‘m daromad keltiradi, - dedi H.Oqbo‘tayev. – Mazkur misolning o‘ziyoq tuman qanday imkoniyatga ega bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Umuman, amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan ikki oy uchun tuman mahalliy byudjeti daromadlari rejasi 6 milliard 900 million so‘m etib belgilangan, haqiqatda esa 10 milliard 200 million so‘mga bajarilgan. Shuningdek, qayd qilingan davrda rejadagi 100 ming dollar o‘rniga 306 ming dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilingan.

20 nafar magistr talabaga  1 million so‘mdan naqd pul beriladi

Sessiyada “Samarqand viloyati hokimligining stipendiyasi”ni joriy etish taklifi ma’qullandi.

Qayd etilganidek, stipendiya tanlovi viloyatda iqtidorli yoshlarni kashf etish, ularning ijod va bilim cho‘qqilarini egallashiga ko‘mak berish, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ularni moddiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadlarini ko‘zlagan.

Deputatlar viloyat hokimligining stipendiyasini tashkil etish va uni ta­yinlash to‘g‘risida nizom, oliy ta’lim muassasalari ishchi guruhi faoliyatini muvofiqlashtirish va nomzodlarni saralash bo‘yicha viloyat komissiyasi tarkibini tasdiqladi.

Komissiyaga 10 kun muddatda ariza topshirgan nomzodlardan 20 nafarini nizom talablari asosida saralash vazifasi topshirildi.

G‘oliblarga 6 oy davomida mahalliy byudjetning daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining alohida shaxsiy hisobvarag‘i tashkil qilinib, naqd pul shaklida 1 million so‘mdan stipendiya berilishi belgilandi.

Qarorga ko‘ra, “Samarqand viloyati hokimligining stipendiyasi” g‘oliblarini oliy ta’lim muassasalarini tamomlagandan so‘ng viloyat hokimligining “Samarqand kelajak javohirlari” istiqbolli yosh kadrlar zaxirasi ro‘yxatiga kiritiladi.

Tumanlarda zamonaviy  tibbiy markazlar ochiladi

Sessiyada qayd etilishicha, joriy yilga mo‘ljallangan davlat dasturida olis tuman markazlarida qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari ochish vazifasi belgilangan. Bulung‘ur, Ishtixon, Urgut va Paxtachi tumanlarida shunday markazlarni tashkil qilish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilgan.

Negaki, Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi M-37 “Ashxobod-Toshkent” trassasida joylashgan. Birlashma bugungi kunda nafaqat 152 mingga yaqin tuman aholisi, balki Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda qo‘shni Navoiy viloyati aholisiga ham tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Birlashma hamda respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali o‘rtasidagi masofa 141 kilometr, Kattaqo‘rg‘on politravma markazi orasidagi masofa esa 56 kilometr. Shu bois, markazni Paxtachi tumani tibbiyot birlashmasi binosiga joylashtirish maqsadga muvofiq, deb topilgan.

Birlashmaning 25 o‘rinli shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi 4 qavatli binoning 1-qavatida joylashgan. Statsionar va portativ rentgen apparatlari uchun maxsus xonalar, binoning qabul bo‘limi kirish qismida «Angiograf» apparati uchun joy mavjud. «MSKT» apparatini ishlatish uchun mutaxassis bor, “Angiograf” apparatini ishlatish uchun esa 2 nafar mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilgan. Ikkinchi qavatda 3 ta operatsiya xonasi, 9 ta reanimatsiya va 50 ta politravma o‘rinlari tayyorlangan.

Bulung‘ur, Ishtixon va Urgut tumanlari tuman tibbiyot birlashmalari ham markaz tashkil qilish uchun xuddi shunday parametrlarga ega.

Bu ishni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining “Tuman va shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlangan. Deputatlar qaror loyihasi yuzasidan takliflarni ko‘rib chiqib, tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlarni kiritgan holda tasdiqladi.

Sessiya ishida shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish, investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda investitsiya loyihalarini amaliyotga tatbiq etish ishlari, mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.