Viloyatimizda 16,8 ming gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Bu kammi yoki ko‘p?

Hozirda viloyatimizdagi 4 ming 40 gektar paxta, 10 ming 639 gektar bog‘, 814 gektar tok, 941 gektar yong‘oq, 418 gektar sabzavot va poliz ekin maydonida suv tejamkor innovatsion texnologiyalar joriy etilgan.

Tabiiy usulda sug‘orilganda, tuproqning unumdor qatlami sug‘orishdan oldin me’yoridan ortiq qurib, sug‘orishdan keyin namlik darajasi ortib ketadi. Tomchilatib sug‘orishda esa ekinning ildiz qatlami me’yorida suv bilan ta’minlanib, suv, boshqa oziq moddalar ham isrof bo‘lmaydi. Buning ustiga tomchilatib sug‘orilganda tabiiy sug‘orish usuliga nisbatan suv 20-50 foizgacha tejaladi.

Ko‘chma egiluvchan quvurlarni bir yillik, xususan, g‘o‘za, g‘alla, piyoz, kungaboqar, lavlagi, makkajo‘xori kabi ekinlarni sug‘orishda qo‘llash yaxshi samara beradi. Chunki bunda ariqlardagi suvning yerga singib ketishining oldi olinadi.

Misol uchun, Bulung‘ur tumanidagi 6 ming 566 gektar bog‘ va tokzorning 1952 gektarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Shuningdek, 22 ta fermer xo‘jaligi tomonidan qariyb 300 gektar maydon ko‘chma egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orilmoqda. Bu boradagi tadbirlarni yanada kengaytirish maqsadida bog‘dorchilikka ixtisoslashgan 170 gektar bog‘, 200 gektar tokzor va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini tomchilatib, 400 gektar maydonni ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish rejalashtirilmoqda.

Agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.